Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:00

"Hamma gazeta o‘qib, prezident tashabbuslarini ko‘rsin!" Namangan hokimi Tik Tok tarmog‘ini 1 oyga yopishni taklif qildi


Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov "Bunyodkor" mahallasida, aprel, 2021
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov "Bunyodkor" mahallasida, aprel, 2021

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov O‘zbekistonda Tik Tok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarni 1 oyga bloklab qo‘yishni taklif qildi.

Hokimning fikricha, shu yo‘l bilan yoshlarni kitob va gazetxonlikka o‘tkazish, aholini esa "prezident tashabbusi bilan so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan ishlarni" tushunadigan qilish mumkin.

Hokim bu taklifni 3 - iyul kuni Chortoq tumanida o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar uchrashuvi”da - O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar faoliyatining cheklanishi bahslarga sabab bo‘lib turgan bir kezda - bildirdi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasi nazorati bo‘yicha davlat inspeksiyasi “O‘zkomnazorat” "shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashdagi qonunbuzarliklar" sababli ba’zi ijtimoiy tarmoqlarning ishini cheklab qo‘ygan.

Ayni kunlarda O‘zbekistonda Twitter, TikTok va VKontakte tarmoqlarida uzilishlar kuzatilmoqda, Skype messenjeri umuman ishlamayotir.

Namangan viloyat hokimi Shuhrat Abdurazzoqov fikricha, O‘zbekistonda aholini prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi 5 yil ichida qilayotgan ishlarini "oddiy holatday qabul qilishi"ga ijtimoiy tarmoqlar sabab bo‘lmoqda:

- “Bitta betini yuvmagan chet eldan turib murojaat qilsa, hamma o‘shani… ming to‘rt yuz nechtayam kommentariy bo‘ladi. Buyoqda davlatimizda qilinayotgan ishlar, prezident tashabbuslari bilan qilinayotgan ishlar, yo‘llar, suvlar, maktablar, bog‘chalar, bolnitsalar qurilyapti. U narsalarni hamma oddiy holatday qabul qilib, “Ha qilish kerak-da”, deb qo‘ya qoladi. Qanday qilish kerak? Oldin ham, 26 yil hech narsa qilinmadi-ku. Besh yilda qancha o‘zgarish? Odamlar, endi hamma yoq ochiq bo‘lib ketsa, osmondagi oyni talab qilishni boshlashadi”, dedi hokim Sh. Abdurazzoqov 3 - iyul kungi uchrashuvda.

Bundan tashqari Sh. Abdurazzoqov, aynan ijtimoiy tarmoqlar yoshlarni ota-onasi bilan muloqotdan, gazeta va kitob o‘qishdan to‘smoqda, deb ta’kidladi.

O‘zbekistonda “O‘zkomnazorat” tashkiloti “shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashdagi qonunbuzarliklar" sababli ayrim ijtimoiy tarmoqlarning ishini cheklab qo‘ygani, buning ortidan Twitter, TikTok va VKontakte tarmoqlarida uzilishlar kuzatilayotgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.

Namangan hokimi Shavkat Abdurazzoqov so‘nggi bir necha oy ichida bot-bot ijtimoiy tarmoqlar tiliga tushdi.

Jumladan, shu yilning aprel oyida kun.uz nashriga bergan intervyusida, viloyat hokimlariga qimmatbaho avtomobillar kerak, deb ta’kidlagan va buni shunday izohlagan edi:

“Mana, yaqinda Pokistonning Panjob viloyati gubernatori keldi. 110 million aholiga ega katta bir hududning rahbari Namanganga kelish bo‘yicha taklifimizni qabul qildi. Shu kabi yana boshqa ko‘plab xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi. Mana shunday mehmonlar yurtimizga kelganida, ularni oddiy mashinada olib yurmaymiz-ku! Bunday chiqimlar o‘zini oqlaydi, sababi, biror investor yo xorijiy hamkor kelganida, albatta, ularni qanday kutib olishimizga ham e’tibor beradi, mana shunday jihatlar hamkorligimizga ta’sirini ko‘rsatadi”.


O‘shanda hokimning izohi ham tarmoqlarda e’tirozga sabab bo‘lgan, xususan Telegram tarmog‘idagi Davletov.uz kanalining e’tiroziga sabab bo‘lgan:

“Eh, hokimbuva, qani edi, qimmat va komfort mashinalar, kimo‘zarga mehmonnavozlik uchun investor, investitsiya kelganida, har bir tumanga 10 tadan Prado va boshqa qimmatbaho mashinalarni olib borib qo‘yardik. Afsuski, investor uchun qimmat mashina, izzat-ikrom, “hokimning o‘zim javob beraman” degan gapi emas, avvalo, qonun ustuvorligi, sud mustaqilligi va kuchli fuqarolik jamiyati kerak. Agar investitsiyasi qonun va institutlar bilan kafolatlangan bo‘lsa, investor o‘z mashinasi bilan keladi, hokimlikka qadam ham qo‘ymasligi mumkin. Qolgani o‘zimiz o‘ylab topgan noto‘g‘ri yondashuv”, - deb yozdi Davletov.uz kanali.

Bundan tashqari, Namangan viloyat hokimi birinchi bo‘lib o‘ziga konteynerdan uy qurdirgan hokim sifatida ham tanilgan.

Prezident Sh. Mirziyoyev shu yilning fevral oyida Namangan viloyatiga safar qilgan va "kutilmaganda" abgor holda yashayotgan “Bunyodkor” mahallasiga borgandi. Mahallaning ahvoli uchun mahalliy rahbarlarni tanqid qilib, tezlikda bu mahallani obod qilishga topshiriq bergandi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Bunyodkor” mahallasida o‘ziga konteynerdan uy qurdirib, to obod bo‘lguncha shu mahallada yashashini bildirgandi.

O‘shanda ham bu tashabbus tarmoqlarda rosa bahs bo‘lgan, aksar foydalanuvchilar buni tanqid qilgandi. Ozodlik manbalari tomonidan bu uy 7,5-8 ming dollarga baholangan, aksar suhbatdoshlar, bu pulga qishloqda o‘rtacha uy qursa bo‘ladi, deb hokimning bu tashabbusini tanqid qilgandi.

45 yashar Shavkat Shokirjonovich Abdurazzoqov 2020 - yilning 24 - sentabrida Namangan viloyati hokimi etib tayinlangan.

Unga qadar 2017 - yilning iyul oyidan Namangan shahar hokimi bo‘lgan.

Shahar hokimligiga tayinlangunicha esa, Vazirlar Mahkamasining qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentining mudiri vazifasida ishlagan.

XS
SM
MD
LG