Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:46

"Gazprom" bilan imzolangan "Yo‘l xaritasi": O‘zbekiston hukumati “suverenitet sotilgani"ni rad etmoqda


O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va "Gazprom" rahbari Aleksey Miller. Sankt-Peterburg, 24-yanvar, 2023.
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va "Gazprom" rahbari Aleksey Miller. Sankt-Peterburg, 24-yanvar, 2023.

O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiyaning "Gazprom" shirkati bilan 24-yanvar kuni imzolangan "yo‘l xaritasi" mamlakat suverenitetiga tahdid solishi haqidagi xavotirlarni rad etib chiqdi.

Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning "gaz transport tizimi kimgadir berilishi" haqida so‘z bormayapti.

"Shuni alohida ta’kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda «Yo‘l xaritasi»da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q", — deyiladi rasmiy bayonotda.

24-yanvar kuni Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi O‘zbekiston bilan gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolanganini xabar qildi. Hujjatga O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” rahbari Aleksey Miller imzo chekkan.

Ayni paytda "Gazprom" bilan imzolangan hujjatning to‘liq matni hech qayerda e’lon qilingani yo‘q.


Ayni paytda o‘zbekistonlik faollar Rossiya bilan tuzilgan bitimni mamlakat suvereniteti va mustaqilligiga tahdid o‘laroq baholab, hukumatdan hujjat shartlarini zudlik bilan va to‘liq ochiqlashni talab qilishmoqda.

Ishtahasi karnay Kreml

Telegramdagi kremlparast “Vzglyad na Vostok” kanali xabariga ko‘ra, “Gazprom” bilan tuzilgan bitim O‘zbekistonning Rossiya va Qozog‘iston doxil "uch tomonlama gaz ittifoqiga qo‘shilgani"ni anglatadi.

2022-yil noyabr oyi oxirida prezident Vladimir Putin O‘zbekiston va Qozog‘istonga uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilgan edi. Rasmiy Moskva bu taklif siyosiy shartlardan xoli ekani, gap tijoriy manfaatlar haqida ketayotganini iddao qilgan bo‘lsa-da, tahlilchilar Kreml Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati energetika tizimini nazoratga olishga urinayotgani haqida bong urib kelmoqda.

Gazeta.uz” nashri joriy yil 14-yanvar kuni Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida kechayotgan gaz muzokaralari xususida chop etgan maqola xavotirlar asosli ekanini tasdiqladi. Qayd etilishicha, ishtahasi karnay Moskva Toshkentga mamlakat gaz uzatish tizimini bozor qiymati bo‘yicha “Gazprom” tasarrufiga o‘tkazish va Xitoyga gaz eksport qilish huquqidan voz kechish shartini qo‘ygan. O‘zbekiston energetika vazirligi bu borada ham jamoatchilikka ikki enlik izoh berishni ep ko‘rmagan.

“Maqsad – gaz ignasiga o‘tqazish”

Jurnalist Shuhrat Latipovning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, “yo‘l xaritasi”da “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” shirkatlarini “Gazprom” yoki uning sho‘’ba korxonasi boshqaruviga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

“Agar bunga qadar nomaqbul siyosiy qarorlar tufayli milliardlab zararlar ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda “Gazprom” O‘zbekistonning gaz transporti tizimini boshqaruvga olsa, unda mamlakatning energetik mustaqilligi, umuman, davlat suvereniteti xavf ostida bo‘lishi mumkin”, deya ogohlantiradi jurnalist.

“Gazprom” bilan kelishuvning barcha tafsilotlari ochiqlanishi shart! Xalq shunga qarab baho beradi: mamlakatni, suverenitetni sotishdimi-yo‘qmi? Ochiqlanmagan taqdirda bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqqa qilingan yashirin xoinlik deb xulosa qilishga olib keladi”, deya keskin bayonot berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev.

Davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis Aziza Umarova esa so‘nggi hodisalarga marhum shoir Muhammad Yusufning quyidagi misralari orqali taassuf izhor qildi:

O‘tgan kuning – o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
“Voh bolam!” deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim!

“Agar energetik qaramlikka olib boruvchi biror hujjatga imzo chekkan bo‘lsa, bu vazir men uchun vatan xoini! Shu kelishuvga kim rozi bo‘lgan bo‘lsa ham shularning hammasi vatan xoini! ..Agar Rossiya taklif qilgan, bizning gazga to‘liq egalik qilishga rozi bo‘lishgan bo‘lsa, men bu hukumat zudlik bilan iste’fo berishini talab qilib, yakka holatda mitingga chiqaman”, deb yozdi bloger va jamoat faoli Olimjon Haydarov.

Siyosiy tahlilchilar ta’kidicha, Kreml so‘nggi o‘n yilliklar davomida energetika resurslaridan foydalangan holda tovlamachilik siyosatini yuritib kelmoqda. Ukrainadagi bosqinchilik urushi sabablaridan biri ham shu ekani aytiladi.

O‘zbekistonlik faollar xavotiriga ko‘ra, Kreml O‘zbekistonni ham “gaz ignasi”ga o‘tqazib, hokimiyat jilovini butunlay o‘z qo‘liga olishga urinmoqda. Yuzaga kelgan murakkab-mavhum vaziyatni iqtisodchi Otabek Bakirov “Eng qisqa hikoya: 2014-yil martidagi Ukraina holatidamiz” deya muxtasar postda sharhladi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa O‘zbekiston hukumati Moskva bilan muhim masalada imi-jimida kelishuv qilganidan taajjub bildirdi.
“Rossiya Ukrainaning, g‘arbiy Yevropadagi ko‘plab davlatlarning geosiyosiy mustaqilligini aynan energetik sektor orqali qaram qilishdan boshlagan edi”, deya vaziyatga ochiq ko‘z bilan qarashga undadi K.Rabbimov.

“Mustaqillik uchun kurash endi boshlanyapti...”

Jamoatchilik Rossiya bilan qizg‘in iqtisodiy hamkorlik, xususan, energetik jabhadagi oldi-berdilar mamlakatni ikkilamchi sanksiyalarga duchor etishidan xavotirda. Bu – masalaning iqtisodiy jihati. Boshqa tomondan, mahalliy ziyolilar xalqaro tashkilotlar “bosqinchi va tajovuzkor davlat” deb topgan Rossiya bilan apoq-chapoq bo‘lish axloqiy me’yorlarga ham to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblaydi. Jumladan, olim va jamoat faoli Komil Jalilov “XXI asrda suveren davlatga tanklar bilan bostirib kirish va tinch aholi ustiga raketalar yog‘dirishni normal deb biladigan davlat” bilan gaz ittifoqi tuzishni ma’qullamaydi.

Tahlilchi Sardor Salim nazdida, “O‘zbek siyosiy elitasi mavhum dunyoda mustaqil millatga rahbarlik qilishdan ko‘ra oqposhshoning general-gubernatori bo‘lishni afzal biladi”.

“Biz loyiq bo‘lmagan mustaqillik bizga tuhfa etilganda (yengil keldi – yengil ketdi) farovon hayot uchun neokolonial tashqi kuchlarga qarshi bir millat sifatida turib bersak bo‘ldi deb o‘ylardik. Bu ishni uddasidan chiqishimiz borasida muayyan optimizm ham bor edi. Endilikda anglayapmizki, milliy istiqlol uchun kurash endi boshlanyapti. Va bu kurash ongi kishanlangan kleptokrat mahalliy elitaning, butun erkinlik berilgan repressiv apparating zulmi va johil, loqayd xalqning sukunati sharoitida kechadi”, deb yozdi Sardor Salim.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Kreml bilan kelishuvga “Ezop tili”da – kosa tagida nimkosa tarzida ham munosabat bildirmoqda.

“Yo‘l xaritasi. Biz yuradigan yo‘l xaritasi. Lekin biz bu yo‘lni, bu xaritani va borar manzilni ham bilmaymiz, vaholanki, yo‘lchi-yo‘lovchi bizmiz. Bizni yetaklashyapti. Xohlagan tomonlariga. Jarlikkami, nurli yo‘lgami, biz bilmaymiz. Biz ko‘rmiz. Paypaslab ketaveramiz. Ammo yo‘ldagi sherik ayyor, shafqatsiz, qonxo‘r... ”, deb yozdi taniqli ulamo Mubashshir Ahmad.

XS
SM
MD
LG