Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:33

“Gapirsa, Allamjonov gapirardi”. Toshkent Kreml propagandasi qarshisida sukut saqlamoqda


25-fevral kuni Putinning matbuot xizmati "Shavkat Mirziyoyev Rossiya tomonining harakatlari yuzasidan tushunish izhor qilgani" ni aytgan.
25-fevral kuni Putinning matbuot xizmati "Shavkat Mirziyoyev Rossiya tomonining harakatlari yuzasidan tushunish izhor qilgani" ni aytgan.

Taniqli jurnalist va bloger Eldor Asanov, o‘zbekistonlik jurnalist hamda blogerlarni “Rossiya propagandasining jirkanch hamlasi”dan himoya qilishni so‘rab, prezidentga murojaat e’lon qildi.

Asanovning bir o‘zi imzolagan murojaat “Rossiya 24” kanalida berilgan “Osiyo markazida Robert Fransev bilan” ko‘rsatuvi ortidan yangradi. Ko‘rsatuvda o‘zbek matbuoti Ukrainadagi urushni yoritishda Kiyev tarafini olganlikda ayblangan edi.

Ko‘rsatuv muallifi Robert Fransev, “Kremlga tushunish izhor qilgan” prezident Sh. Mirziyoyevdan “millatlararo nizo chiqarayotgan" matbuotga chora ko‘rishni talab qildi.

Bunga qadar ham Ukrainadagi urush mavzusi rasmiy matbuotda qariyb yoritilmayotgan edi. Bu mavzuda chiqish qilayotgan mustaqil nashrlar esa AOKAdan ogohlantirish olgan.


“So‘z erkinligiga jirkanch hamla”

8-mart kuni e’lon qilgan murojaatida Eldor Asanov Kreml o‘zining Ukrainaga qarshi “harbiy tajovuzi”ni qoralagan o‘zbek nashrlarini ham nazoratga olishga urinayotganini qayd etib, buni “jirkanch hamla” deb ataydi:

“RFning davlat kanali – “Rossiya 24” muxbiri Robert Fransev o‘zbekistonlik bloger Nikita Makarenkoni, Kun.uz va Gazeta.uz nashrlarini go‘yoki G‘arb maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishda va “aksilrus kayfiyatlarini alangalatish”da aybladi”. “O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga bunday jirkanch hamla javobsiz qolishi mumkin emas”.

Jurnalist, bu holatda O‘zbekiston rahbariyati “Rossiya 24” davlat telekanali Kreml rasmiy nuqtai nazarini yetkazishini urg‘ulaydi va bu ko‘rsatuv O‘zbekiston ichki ishlariga “qo‘pol tarzda aralashish” deya baholaydi.


“Tushunish izhor qilgan” Mirziyoyevga savol

“Rossiya 24” telekanalida 6-mart kuni efirga uzatilgan “Osiyo markazida Robert Fransev bilan” (“V sentre Azii s Robertom Fransevim”) ko‘rsatuvida o‘zbekistonlik taniqli bloger Nikita Makarenko hamda Kun.uz, Gazeta.uz mustaqil Internet nashrlari nomi tilga olindi.

Ko‘rsatuv muallifi nomi tilga olingan bloger va nashrlarni “G‘arb maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda” Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning hukumatini qo‘llash, mamlakat auditoriyasida “aksilrus kayfiyatlarini alangalatish”da aybladi.

Kremlning Markaziy Osiyoga oid siyosati targ‘ibotchisi bo‘lgan Robert Fransev, 2018-yil dekabrida o‘sha paytdagi NAESMI rahbari Firdavs Abduholiqov qo‘lidan "O‘zbekiston do‘sti" maxsus mukofotini olgan.
Kremlning Markaziy Osiyoga oid siyosati targ‘ibotchisi bo‘lgan Robert Fransev, 2018-yil dekabrida o‘sha paytdagi NAESMI rahbari Firdavs Abduholiqov qo‘lidan "O‘zbekiston do‘sti" maxsus mukofotini olgan.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Putin bilan telefon muloqotida Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari bo‘yicha “tushunish izhor qildi”. Afsuski, O‘zbekistonda hamma ham o‘z yetakchisining aqlli va sinalgan siyosatini qo‘llamayotir. Axborot makonida taqdir taqozosi bilan g‘arbdan grantlar olgan va Rossiyaning Ukrainadagi maxsus amaliyotini qoralagan, hatto Rossiya OAV nomiga la’natlar o‘qigan bloger va psevdo jurnalistlar darrov paydo bo‘ldi”, dedi ko‘rsatuv muallifi.

So‘ngra muallif, O‘zbekiston hukumatini matbuotdagi bunday chiqishlarning ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va iqtisodiy aloqalarga ta’siridan ogohlantirdi:

“Darvoqe Rossiya bilan strategik hamkorlik va ittifoqchilik shartnomasi bo‘lgan do‘stona O‘zbekiston hukumatiga savol: bunaqa bayonotlar o‘sha ittifoqchilik aloqalariga zarar keltirmaydimi?”

Hozircha rasmiy Toshkent yoki axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi AOKA agentligi bu ko‘rsatuv haqida biror rasmiy bayonot bermadi. Ozodlikning bu agentlikka murojaati ham javobsiz qolmoqda.

“Kreml noto‘g‘ri tushunishidan qo‘rqishyapti”

Markaziy nashrlardan birida ishlaydigan jurnalistning aytishicha, rasmiy gazetalarning muharrirlari “Ukraina va Rossiya o‘rtasida boshlangan nizoni yoritmaslik” haqida qat’iy ogohlantirilgan.

Bu ogohlantiruv, “Rossiya 24” kanalida berilgan “Markaziy Osiyoda Robert Fransev bilan” (“V sentre Azii s Robertom Fransevim”) ko‘rsatuvidan so‘ng berilgan.

Jurnalistning taxminicha, “Rossiya 24” kanalida berilgan ko‘rsatuv O‘zbekiston rahbariyati tomonidan jiddiy qabul qilingan.

“Bular neytral pozitsiyadamiz, deb qo‘ydi. Lekin matbuot har narsa deb yozishni boshlasa, bunga hukumat ruxsat berib qo‘ygan, deb Kreml noto‘g‘ri tushunishidan qo‘rqib ketishdi, menimcha. Shuning uchun, yaxshilab ham, yomonlab ham yozmanglar, degan topshiriq bo‘lgan. Bizda muharrirlar hatto xabar ham yozib, boshni qotirmanglar, deyapti”, deydi jurnalist.

Rossiya telekanalining o‘zbek matbuotiga xuruji tarmoqlarda turlicha sharhlandi.
Rossiya telekanalining o‘zbek matbuotiga xuruji tarmoqlarda turlicha sharhlandi.

Milliy teleradiokompaniyada (MTRK) ishlaydigan jurnalistlardan biri ham, Ukraina sharqida jang harakatlari boshlaganidan beri, bu vaziyatni yoritishga yashirincha taqiq qo‘yilganini bildirdi.

“Shunaqa gap bor: urush boshlanganidan beri efirda hatto Rossiya degan so‘zni ham ishlatmanglar, deb ko‘rsatma berishgan”, dedi ismini sir saqlagan yana bir jurnalist.

MTRK jurnalistlariga, xorijiy axborot vositalari bilan muloqot qilish yoki ularga intervyu berish taqiqlangan.

Shu kunda Ukrainadagi voqealar fonida, mahalliy jurnalistlar va ularning tarmoqlardagi chiqishlari ustidan nazorat yanada kuchaygani kuzatilmoqda.

Jumladan, O‘zbekistondagi eng ommabop nashridan biri bo‘lgan Kun.uz ning ikki ta’sischisi va bosh muharriri 26-fevral kuni DXXga chaqirtirildi. Nashr ta’sischilaridan biri Umid Shermuhammedov bu haqda Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Yep.Uz. nashri muharriri Marina Kozlova esa, Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko bilan intervyusidan so‘ng, AOKAdan rasman ogohlantrish olganini bildirdi.

Ushbu maktubda jurnalist, elchi bilan intervyusiga ilova qilgan foto va videotasvirlarni chop etish orqali “shafqatsizlikni targ‘ib qilish”, “yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlar”ni targ‘ib qilishda ayblangan.

Marina Kozlova, bu maktubdan so‘ng, surat va videotasvirlarning ayrimlarini xiralashtirgani, ayrimlarini o‘chirgani va nega o‘chirgani haqida maqolada izoh qoldirganini ma’lum qildi.

"Men boshqa hech narsani o‘chirmoqchi emasman. Bu intervyu tegrasidagi vaziyat qanday rivojlanishiga qaraymiz. Agar ular meni qo‘rqitishni davom ettirsa, ehtimol himoya so‘rab, sudga murojaat qilarman”, dedi Kozlova Ozodlik bilan suhbatda.

Jurnalist O‘zbekistonning Ukrainadagi asl voqe’lik haqida sukut saqlash siyosatini “noto‘g‘ri” deb hisoblashini ham qo‘shimcha qildi:

“Hozir Ukrainada bo‘layotgan voqea - ahamiyati jihatidan barcha davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham, sovet ittifoqining qulashiga teng darajadagi hodisadir. Mayli, insonparvarlik, gumanizm, xalqaro huquq normalarini unutgan taqdirimizda ham. Bu urush haqida sukut saqlash - mutlaqo noto‘g‘ri”.

AOKA qoshidagi Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Yep.uz nashridan Ukraina elchisi bilan suhbatga ilova qilingan foto va videomateriallarni olib tashlashni talab qilgan.
AOKA qoshidagi Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Yep.uz nashridan Ukraina elchisi bilan suhbatga ilova qilingan foto va videomateriallarni olib tashlashni talab qilgan.

“Gapirsa, Allamjonov gapirardi”

Hozir Ukrainada bo‘layotgan urushni O‘zbekistondagi rasmiy nashrlar umuman yoritmayotir.

Shu kungacha biror davlat rasmiysi va turli davlat idoralari, hatto O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham hech bir shaklda munosabat bildirmadi.

Shu vaqtgacha turli mavzularda chiqishlar qilib, tarmoqlar e’tiborini tortib kelgan shaxslar, amaldagi deputatlar, turli partiya yetakchilari ham jim.

AOKAga yaqin manba, Ukraina mavzusiga qo‘yilgan yashirin senzura, tarmoqlarda turli mavzularda emin-erkin pozitsiyasini bildirib turadigan Komiljon Allamjonov va uning yordamchisi Saida Mirziyoyevaning ham "og‘zini yopgani"ni aytadi:

“Yoritishga senzura qo‘yilgan. Yangiliklarni bersa bo‘ladi, ma’lum darajada. Ukraina tomon bo‘lib, ruslarni qoralash mumkin emas. Shunday qilganlar "suhbat"ga ham kirib chiqdi. Shuning uchun Allamjonov ham bu mavzuda ortiqcha gapirmay, jim turibdi. Gapirsa, Allamjonov gapirardi. Hatto, tinchlik bo‘lsin ham deya olmadi. O‘zini ayollar huquqlari himoyachisi qilib ko‘rsatadigan Saida Mirziyoyeva ham, bombardimonda o‘layotgan ayollar va bolalar haqida g‘iring deyolmadi-ku!”

Ozodlik bu borada rasmiy izoh so‘rab, Allamjonov rahbari bo‘lgan Mass-media fondi hamda AOKA matbuot xizmatiga bog‘landi. Ammo hozircha javob ololmadi.

“AOKA qonunlarga amal qilishi kerak”

Ayni paytda O‘zbekistondagi qator mustaqil internet nashrlari Ukraina bo‘ylab davom etayotgan bombardimonlar hamda harbiy to‘qnashuvlarni yoritishda davom etmoqda.

Bu chiqishlarda nashrlar, “Rossiyaning harbiy bosqini”, “Ukraina urushi”, “Ukrainaga hujum” kabi jumlalar qo‘llanilmoqda.

Ukrainadagi voqealarni faol yoritib kelayotgan va xususan, “Rossiya 24” kanalida nomi tilga olingan Gazeta.uz nashri bosh muharriri Azamat Atajonov hozirga qadar bu borada tahririyatga hech bir ogohlantirish kelmagani, xodimlar ham hech bir idoraga chaqirilmaganini bildirdi:

"Bizda bu haqda ma’lumot yo‘q. Tahririyatdan hech kimni hech qayerga chaqirishmadi”.

Ukraina mavzusini faol yoritib kelayotgan jurnalist va bloger Zafar Solijonov ham shaxsan unga hozirga qadar hech bir e’tiroz yoki ogohlantiruv bo‘lmaganini bildirdi:

“Ukraina masalasini yoritmaslikni so‘raymiz” yoki “shunday pozitsiyada turib yoriting”, degan hech qanaqa ogohlantiruv, bosim yoki do‘q-po‘pisa bo‘lmadi. AOKA tomonidan ham bir ogohlantiruv yoki bosim bo‘lmagan, men guvoh bo‘lmaganman. Men postlarimda rus bosqiniga ko‘p e’tibor qilyapman. Chunki suverenitet - nafaqat konstitutsiya, balki xalqaro huquq normalarida ham alohida qayd etilgan haqdir”.

Ayni paytda jurnalist Ukraina maslasida O‘zbekiston hukumatining neytral pozitsiyasini matbuotda “ushlab turishga” urinayotgan AOKAni matbuotga berilgan qonuniy huquqlarni ta’minlash va qonunlarni ishlatishda ikki xil standartga yo‘l qo‘ymaslikni eslatdi:

“Kremlning bir odati bor, buni butun dunyo biladi: OAV nazorati har bir davlatning o‘z qo‘lida va undagi chiqishlarni hukumatni o‘zi uyushtiryapti, deb o‘ylaydi. Ayniqsa, biznikiga o‘xshagan hududlarda OAV mustaqil pozitsiyasini bildirishni boshlasa, Kreml davlat rahbarlariga o‘zining alohida richaglari bilan ta’sir ko‘rsatishga urinishi mumkin. AOKA shuning oldini olib, davlatning neytral pozitsiyasini ushlashga harakat qilyapti, deb o‘ylayman. Lekin AOKA shuni unutmasligi kerakki, jurnalistda material yig‘ish, to‘plash, chop etish va boshqa huquqlar bor, senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Juda ham neytral pozitsiya

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi hozirgacha Rossiyaning Ukrainadagi "harbiy amaliyoti" yuzasidan bayonot bergani yo‘q.

Uning 25-fevral kuni prezident Putin bilan telefon muloqoti haqida xabar bergan Kremlь esa O‘zbekiston rahbari Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari yuzasidan "tushunish izhor qilgani"ni bildirdi. Ammo keyinroq telefon muloqoti yuzasidan qo‘shimcha izoh bergan prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston bu borada neytral pozitsiyada ekanini urg‘uladi:

“Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada. Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”, deyiladi Sherzod Asadov 26-fevral kuni e’lon qilgan bayonotida.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek jurnalistlari va tahlilchilariga ko‘ra, Toshkentning tobora tajovuzkor bo‘lib borayotgan Kreml qarshisida neytral turishi O‘zbekistonning geosiyosiy manfaatlariga to‘g‘ri kelishi mumkin, ammo axborot siyosati nuqtai nazaridan joriy vaziyat "nazoratni yo‘qotish" bilan teng.

Ismi ochiqlanishini istamagan jurnalistlardan biri buni "juda ham neytral pozitsiya" deb atadi.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi boshlangan ilk kunlarda qator blogerlar O‘zbekistonda kremlparast telekanallarni yopishga chaqirishdi. Ammo hukumat va uning axborot siyosati uchun mas’ul AOKA hozirga qadar bu chaqiriqlarga munosabat bildirgani yo‘q.

Bloger Nikita Makarenko hozirda "O‘zbekiston o‘z nuqtai nazarini o‘zining aholisiga yetkaza olmaydigan ahvolga tushib qolgani"ni tanqid qilgan.

"Кремлдан қўрқади". Ўзбек зиёлилари Россиянинг Украинага уруши ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:17 0:00
XS
SM
MD
LG