Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:38

Energetika inqirozi: Yirik korxonalar gazdan uzilmoqda, metan gazga kilometrlab navbatlar


O‘zbekiston tumanidagi Sho‘rsuv sanoat zonasidagi korxonalar ham gazdan uzilgani oqibatida o‘n mingdan ortiq odam ishsiz qolyapti.
O‘zbekiston tumanidagi Sho‘rsuv sanoat zonasidagi korxonalar ham gazdan uzilgani oqibatida o‘n mingdan ortiq odam ishsiz qolyapti.

O‘zbekistonda havo sovib ketishi bilan gaz taqchilligi yanada kuchaydi. Yirik ishlab chiqarish korxonalari gazdan uzilib, minglab odam ishsiz, maoshsiz qolayotgani xabar qilinmoqda.

Poytaxt Toshkent doxil, respublikaning aksar hududlarida avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarining aksariyati yopilgan, avtomobillarning bir necha kilometrga cho‘zilgan navbatlari paydo bo‘ldi.

Toshkent shahar hokimligi “metan zapravkalari” yopilishi to‘g‘risidagi bayonot berdi. Shu paytgacha poytaxt “zapravka”larida bunday holat kuzatilmagan.

Yo‘lovchi tashuvchi avtomobillarning kamaygani bois yo‘lkira narxlari qimmatladi, Toshkent transport tizimi kollapsga yuz tutgani aytilmoqda.

Ўзбекистон туманининг Шўрсув саноат зонасидаги корхоналар газдан узилди. Ўн мингдан ортиқ одам ишсиз қоляпти.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:49 0:00

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Sho‘rsuv sanoat zonasidagi korxonalar ham gazdan uzildi. Bu sanoat zonasidagi qurilish mollari - sement, gips, gipsokarton kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradigan o‘n mingdan ortiq odam ishsiz qolyapti.

Sho‘rsuv sanoat zonasidagi sement ishlab chiqarish sexining boshlig‘i Azizxon To‘ychiyevning aytishicha, sanoat zonasidagi korxonalarning gazdan uzilgani 50 mingdan ortiq odamning hayotini tahlika ostiga qo‘yadi:

“O‘n mingta odamning ortida 50-60 mingta odam turadi. Har bitta ishchilining uyida 3-5tadan bolasi, ota-onasi bor. Bu odamlarning asosiy ta’minoti ana shu ishchilar ortidan edi. Endi shuncha odamning och qolishi yoki qahraton qishda qiynalish xavfi paydo bo‘ldi. Chunki bizning O‘zbekiston tumanida boshqa sanoat korxonalari yo‘q, ko‘pchilik shu yerda ishlab tirikchilik qiladi”.

4-dekabr kuni o‘zbekistonlik bloger Olimjon Haydar ham korxonada bo‘lib, norozilik aksiyasiga yig‘ilgan zavod ishchilaridan intervyu oldi. Usmonjon ismli ishchi uning oilasi qiynalib qolishidan xavotirda:

“Besh yildan buyon bo‘lmagan narsa bo‘ldi, hozir. Gazdan uzib qo‘yishdi. Men endi xo‘jaligimni qaynday boqaman? Qo‘shnimning tovug‘ini o‘g‘irlab yeymanmi? Yoki hokimiyat menga un-yog‘ berib qo‘yarmidi? Ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, issiq kabinetda stolda o‘tirishni biladi, xolos”

Shodiyor ismli ishchi esa “Yangi O‘zbekiston” atamasi bugungi kunga mos tushmasligini aytadi:

“Yangi O‘zbekistondan nima naf ko‘ryapmiz. Men endi nima qilay Rossiyaga boraymi, Amerikaga boraymi, qayerga boray. Ota-onamni boqishim kerak, uylanishim kerak, to‘y qilishim kerak. O‘zbekiston jannat diyor deydi, nimasi jannat buni hozir. Oxiri bormi bu narsalarni, qachon to‘xtaydi, qachon odamga o‘xshab ishlab yashaymiz?”

“Hududgazta’minot” AJning Farg‘ona viloyati filialining gaz ta’minoti bo‘limlariga yuborgan “tezkor topshirig‘i”da 20-noyabrdan boshlab ohak, senent, asfalt-beton, gips va g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalarida tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilishini aytar ekan, “aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir qiladigan korxonalar” bundan mustasno ekanligi ta’kidlanadi.

"Hududgazta’minot" AJ topshirig‘i.
"Hududgazta’minot" AJ topshirig‘i.

“Aholi kayfiyatiga” ta’sir qiluvchi korxonalar qanaqa bo‘lishi mumkinligi xatda ochiqlanmagan.

Sho‘rsuv sanoat zonasidagi gips ishlab chiqaradigan sex boshlig‘i Rustam Yusupov ishsiz va och qolishdan boshqa yana nima aholining kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkinligidan taajjubda ekanligini aytadi:

“Bu yerda aholiga juda ham ta’sir qiladigan holat bo‘lyapti. Sho‘rsuv sanoat zonasi to‘rtta tumanning o‘n mingga yaqin aholisini ish bilan ta’minlab turgan edi. Endi shuncha odam ishsiz qoldi. Odamlar viloyat hokimiga boramiz deb g‘alayon ko‘tarishmoqchi, biz to‘xtatib turibmiz”.

Tadbirkorning aytishicha, Farg‘ona viloyatidagi eksport shartnomalari bor barcha korxonalar gazdan uzilgan bo‘lsa-da, KNAUF korxonasi to‘liq gazda ishlamoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham gaz taqchilligi yuzaga kelgan bu kunlarda O‘zbekistonning “ijtimoiy tengsizlik kartasi” haqida gapiradi. Ya’ni boy mahallalarga gaz ham, svet ham boru, “qo‘li yupqa” mahallalarda esa uzilgan:

“Qishki bog‘, isitiladigan basseyn, saunalarga ega, kiborlar, top chinovniklar yashaydigan Qorasuv, boylik maqomi manzili, o‘zbek Rublevkasi bo‘lgan Amir Temur mahallalarida svet, gaz uzilishlari bo‘lgani yo‘q. Qaytanga ular eng ko‘p energiya iste’molchilari ham. Demak, eng subsidiya oluvchilar ham shu yerda.

Bir necha kilometr nariroqda, Qibrayning sal qo‘li yupqa mahallalarida esa butunlay boshqa manzara. Kechadan o‘chgan ta’minot, uzilishda, o‘chishda davom etmoqda.

Hozir ta’minotdan uzilishlar va o‘chishlar kartasi tuzilsa, shu kartadan bemalol O‘zbekistonda ijtimoiy tengsizlik kartasi sifatida foydalanish mumkin”.

Energetika vazirligi matbuot xizmati tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi kuzatilayotganini aytar ekan, uning hajmlarini oshirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotgani haqida yozdi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Energetika vazirligining bu bayonotiga o‘zining Feysbuk sahifasida bunday sharh qoldirdi:

“Aynan shunday bo‘lishini men anchadan beri gapirib kelayotgan edim.

Qishda qanday choralar ko‘rish mumkin gazni qazib olish xajmini oshirishga?

7-8 oy issiq kunlarda nima bilan shug‘ullandinglar?

Ataylab hammani burchakka taqab, import qilinadigan gazni yagona chora qilish bilanmi? Ataylab hukumatni majburlayapsizlarmi?!

Moliya vaziri nega faqat subsidiya to‘lash bilan band?!

Nega sohani ichiga kirmaydi? Nega ichki ishlab chiqarishni oshirish ishlarini yil boshidan amalga oshirmaydi?

Essiz xalqim, essiz davlat qudrati!”

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi matbuot xizmati rahbari Sherali Sattorovning aytishicha, iste’molchilardan tabiiy gaz bo‘yicha 1086ta, elektr energiyasi bo‘yicha 1200ta ariza kelib tushgan. Lekin arizalarning aksariyati gaz va elektr energiyasidagi qo‘shib hisoblash haqida bo‘lgan.

Sherali Sattorovning aytishicha, gaz va elektr bo‘yicha tushgan arizalarni agentlik sudga oshirganda, sud Energetika vazirligining xulosasini talab qilishi juda kulguli holdir:

“Hozir biz o‘rganish olib boryapmiz. Avvalgi yil ham shunday o‘rganish olib borib hududiy elektr tarmog‘ini sudga berganmiz. Sudga xulosani Energetika vazirligi beradi, u o‘zini-o‘zi sotmaydiku. Shunisi juda ham g‘alati. Eng avvalo monopol tashkilot manfaati nazarga olinyapti”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning 21-oktabrida Jizzaxdagi saylovchilar bilan uchrashuvda chet davlatlarga gaz sotilmayotganini ma’lum qilgan edi:

"Biz hozir gaz sotmayapmiz. Aksincha gazni xorijdan sotib olishga tayyormiz. Chunki sanoat rivojlanyapti. Gaz — kelajak avlodga qoladigan meros. Nega buni shartnomaga qo‘l qo‘yib sotib yuborish kerak? Mana hozir Qashqadaryodagi GTL zavodi ishga tushishga tayyor, ammo shoshilmayapmiz. Dunyoda faqat 5 tagina davlatda gazdan neft chiqaradigan zavod bor. Biz endi gazni xomashyo ko‘rinishida sotmaymiz, qo‘shimcha qiymat yaratadigan mahsulotga aylantiramiz".

O‘zbekiston Energetika vazirligi ham ikki hafta oldin gaz eksporti to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.

Ammo, Gazeta.uz ning O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasiga tayanib yozishicha, 10 oy davomida O‘zbekiston 841 mln dollarga 4 mlrd kubometr gaz eksport qilgan. Bu mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning deyarli o‘ndan bir qismidir. Gazning deyarli butun hajmi Xitoyga yuboriladi, ammo ikki mamlakat statistikasi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti.

Gaz va elektr energiyasi taqchilligidan o‘rta va kichik biznes ham katta zarar ko‘rmoqda, bu korxonalarda ishlayotgan minglab odam ishsiz qolmoqda.

O‘zbekistondagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan yirik zavodlardan biri “Farg‘onaazot” AJ ham 10-noyabrda ishlab chiqarishni to‘xtagan,bunga korxona iste’mol qiladigan tabiiy gaz yetishmovchiligi sabab bo‘lgan edi.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil dekabridagi prezident saylovlari arafasida aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining elektr va gaz muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG