Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:10

"Chetga surish istagi". O‘zbekiston xorijda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan.

Germaniyadagi “Statista” tashkiloti ma’lumotiga ishonilsa, O‘zbekiston xorijda ta’lim olayotgan talabalar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa chiqqan.

Ro‘yxatda xitoylik va hindistonlik talabalar yetakchilik qilmoqda.

Tashkilotga ko‘ra, chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 110 mingdan oshadi.

Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston Fransiya va AQSHni ortda qoldirgan.

Tojikistonda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari.
Tojikistonda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari.

O‘zbekistonda qaysi o‘quvchi yo talabadan so‘ramang, maqsadi chet elda o‘qish ekanini aytadi.

“Yuridicheskiy litseyda o‘qiyman. O‘qishga Amerikaga ketmoqchiman. U yerda universitetlar bor ekan “Law” mi yo “Love” mi eslolmayman”, - deydi toshkentlik o‘quvchi.

“Ota-onam ruxsat bersa, Malayziyaga ketmoqchiman. Meni opamning o‘rtog‘i o‘qigan. Aytishicha, u yerda ta’lim juda yaxshi. Italiyaga ham bormoqchiman. Italiyada ham ta’lim juda yaxshi ekan”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda boshqa bir o‘zbekistonlik talaba.

O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari har yili qabul qiladigan talabalar soni cheklangani bois so‘nggi yillarda o‘zbek yoshlarining chet elga o‘qishga ketishi ommalashmoqda.

“Xudo xohlasa, diplomatiya sohasini tanlaganman, elchixonada ishlamoqchiman. O‘zbekiston Amerikani bog‘laydigan elchixonada. Menimcha Amerikada hayot rivojlangan. O‘zbekistonda ham bo‘lyapti, lekin vaqt kerak” , - deydi Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik yoshlardan yana biri.

Chet davlat oliygohlarida o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalar orasida o‘z mablag‘iga o‘qiyotganlar ham, grant hisobidan ta’lim olayotganlar ham bor.

AQSH elchixonasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2015-yilda Amerikada o‘zbekistonlik 491 nafar talaba ta’lim olgan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 1000 nafardan oshgan.

Bu yangi rekord va oldingi o‘quv yiliga nisbatan 72,6 foizga o‘sdi, deyiladi AQSH elchixonasi Xalqaro ta’lim almashinuvi bo‘yicha 2023-yilgi hisobotida.

2021-22-o‘quv yilida 631 nafar o‘zbekistonlik talaba AQSH oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan bo‘lsa 2022-23-o‘quv yilida ular soni rekord darajada 1089 nafarga yetgan.

Aksariyati yoki 57,2 foizi bakalavriat bosqichiga qabul qilingan, 29,9 foizi magistratura bosqichida, 7,9 foizi fakultativ amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan va 5 foizi ingliz tili yoki qisqa muddatli ta’lim kabi oliy ta’lim bo‘lmagan dasturlarga o‘qishga kirgan.

Rossiya elchixonasi ma’lumotlari bo‘yicha esa, o‘tgan yili Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalar soni 48,7 mingni tashkil etgan.

Bu Rossiyadagi xorijlik talabalar orasida ikkinchi natijadir. Birinchi o‘rinda 61 ming talabasi bilan Qozog‘iston, Xitoy esa 30,6 ming talabasi bilan uchinchi o‘rinda.

O‘zbekistonlik talabalar eng ko‘p o‘qiydigan yana bir davlat bu Janubiy Koreya.

Bu davlat oliygohlarida 11 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi.

Koreyada o‘qish talabalarga yiliga to‘rt-olti ming AQSH dollariga tushishi mumkin.

O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan bo‘lgan bu mamlakatga kelayotgan o‘zbekistonliklar soni yil sayin ortmoqda.

Qo‘shni davlatlar - Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida esa ,O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus vazirligiga ko‘ra, 2020 yil fevral oyigacha 35 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan.

Ammo, 2021 yili O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining buyrug‘i asosida, qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik minglab talaba o‘qishlarini tashlab yurtiga qaytdi.

Ularning aksari O‘zbekistonning o‘zidagi OTMlarga qabul qilingan, ammo kvota cheklangani sabab vatanida oliy ta’limni davom ettirolmaganlar ham talaygina.

Qirg‘izistonda xorijlik talbalarning 30 foizi o‘zbekistonlik. Bu davlatda 50 mingdan ortiq o‘zbekistonlik tahsil olmoqda.

Qirg‘izistonda ommaviy zo‘ravonliklar ortidan xorijlik talabalar qo‘rquvda yashayotganini aytishmoqda.

Chet ellik talabalar uchun joriy haftaga mo‘ljallangan darslar onlayn formatga o‘tkazilgan.

1200 nafardan ortiq poksitonlik talaba mamlakatni tark etgan. Hozirda o‘zbekistonliklar Qirzig‘istonda xorijlik talabalar soni jihatdan yetakchi bo‘lib turibdi.

Ikkinchi o‘rinda Hindiston, uchinchi o‘rinda Pokiston.

O‘zbekistonlik talabalarning chet davlatlarga o‘qishga ketishiga O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadigan talabalar soni qat’iy kvotalangani yagona sabab emas.

Maqsad o‘qishmi yo "chetga surish"?

Mutaxassislarga ko‘ra, o‘zbek talabalaridagi kuchli ambitsiya va oliygohlarda o‘qish sifatining tushib ketgani O‘zbekistondan chetga talabalar oqimini ko‘payishiga sabab bo‘layotgan omillardan.

"Oliy ta’lim qamrovi nisbatan past. Ohirgi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni ko‘paygan bo‘lsa-da, ko‘plab abituriyentlar oliy ta’limga kirolmay qoladi, oliy ta’lim qamrovi nisbatan cheklangan", - deydi o‘zbekistonlik ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov.

O‘zbekistonda har yili 1 milliondan ortiq abituriyent oliy o‘quv yurtiga kirish uchun hujjat topshiradi.

Mamlakatdagi 191 ta oliygoh bakalavriat uchun kunduzgi ta’lim shakliga – 126714 nafar (34860 tasi grant, 91854 tasi kontrakt) talabani qabul qilish qurbiga ega.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda oliy ta’lim eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sanaladi.

"Зулфиячи"лардан орган ходимларининг фарзандларигача. Имтиёзга айланаётган олий таълим
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:20 0:00

So‘nggi yillarda ochilgan xususiy oliygohlarda ta’lim sifati past, o‘qituvchi kadrlar yetishmayotgani aytiladi.

Pragadagi Study in University tashkiloti O‘zbekistondan talabalarni Chexiya va Yevropaning yetakchi oliygohlarida o‘qishiga ko‘mak berib keladi.

“Chet elda o‘qish O‘zbekistonda mahalliy oliygohlarga kirolmaganlar uchun juda yaxshi imkoniyat. O‘zbekistondan tashkilotimiz ko‘magida kelgan barcha talabalar hozir Chexiyada o‘qiyapti. O‘qishdan tashqari ishlayotganlari ham bor. Xorijda o‘qishni tugatgan hamma talabalar O‘zbekistonga malakali mutaxassis bo‘lib qaytyapti. Muhimi ambitsiya va o‘qishga istak”, - deydi tashkilot xodimi Yuliya Pak.

O‘zbekistonning o‘zida yoshlarning IELTS bo‘yicha baho olishga, so‘ng xorijga ketishga intilishi kuchaygan, shunga monand ravishda, qariyb har oy IELTS ga tayyorlovchi yangi o‘quv markazlari ochilmoqda.

"Yoshlarning xorijga o‘qishga ketishi sabablaridan yana biri mamlakatdan surish istagi. O‘qishga ketib o‘sha davlatlarda o‘rnashish istagi", - deydi Komil Jalilov.

O‘zbekistonliklarning chet davlatlarga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qiluvchi shirkatlar yoki turli moliyaviy piramidalarga katta miqdorda pul berib, aldanib qolish holatlari ham ko‘p.

Кореяда ўқиш учун “Geek study”га минглаб доллар тўлаганлар чув тушди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:25 0:00

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 2019-2021-yillarda “Geek study”ga besh yuzdan ortiq odam Koreyaga ketish uchun minglab dollar pul to‘lagan, lekin ulardan birontasi o‘qishga ketgan emas.

“Geek study” markazining Janubiy Koreyaga o‘qishga jo‘natish haqidagi va’dalariga uchib, chuv tushgan yuzlab o‘zbekistonlik Telegram kanalida guruh ochib pullarini qaytarib olishda davlat idoralaridan yordam so‘ramoqda.

O‘zbekistonliklarni o‘qish niqobi ostida ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ham bor.

Umidlarni oqlamagan "Umid"

Mustaqillikning dastlabki yillari Turkiya yuzlab o‘zbekistonlik talabani bag‘riga olgan edi. Ammo, u yerda boshpana topgan o‘zbek muxolifati ta’siridan qo‘rqqan O‘zbekistonning o‘sha paytdagi prezidenti Islom Karimov ularni majburan mamlakatga qaytargan.

Keyinchalik iqtidorli o‘zbek yoshlarining chet elda ta’lim olishi qo‘llab-quvvatlovchi "Umid" jamg‘armasi tuzildi.

Bu jamg‘arma "vatanga fidokorona xizmat qiladigan, sadoqatli, uning buyuk va qudratli bo‘lishi uchun qayg‘uradigan, o‘z iqtidori bilan ona-yurtni ulug‘lashga qobil, iste’dodli yigit-qizlardan yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida" tashkil etilgan edi.

"Umid" jamg‘armasi 4 yillik bakalavr, 2 yillik magistratura va 1 yillik tajriba orttirishga grantlar taqdim etgan.

Ammo, jamg‘arma mutaxassislarga ko‘ra, umidlar va sarflangan mablag‘larni oqlamagan.

Prezident granti bilan xorijda ta’lim olib, chet el hayoti bilan tanishgan bir guruh talabalarning O‘zbekistonga qaytishdan bosh tortishi "Umid"ning missiyasini yo‘qqa chiqargani aytiladi.

Oqibatda, yoshlarni pul to‘lab xorijga o‘qishga yuborishdan ko‘ra, O‘zbekistonda chet elning Vestminster, Lomonosov, Turin, Inha kabi universitetlarini ochish maqbul, degan qarorga kelindi.

"Umid" jamg‘armasi 2003-yil 1-iyul kuni o‘z faoliyatini rasman tugatdi.

2017-yilda, Islom Karimov o‘limidan bir yil o‘tib uning bevasi Tatyana Karimova va kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva o‘zbekistonlik iqtidorli yigit-qizlarning xorijda ta’lim olishini moliyalashtirish bo‘yicha Karimov fondi tashkil etilganini e’lon qilishgandi.

Hozir bu jamg‘armaning faoliyati haqida ko‘p narsa ma’lum emas.

"Bunaqa loyihalar natija berishi uchun O‘zbekiston malakali mutaxassislarga jozibador bo‘lishi kerak. Agar joziba bo‘lmasa chetga ketgan talabalarni bo‘yniga arqon bog‘lab bo‘lsa ham olib kelolmaysiz", - deydi ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov.

Dunyo bo‘yicha eng ko‘p xorijlik talabani tahsil oladigan davlat Amerika Qo‘shma Shtatlari. 2021-yilda AQSHda 833 ming nafar xorijiy talaba tahsil olgan.

601 ming nafar talabani bag‘riga olgan Buyuk Britaniya esa 2-o‘rinni egallagan.

Hisobotda yozilishicha, yildan yilga talabalarning xorijda o‘qishga bo‘lgan talabi ortib bormoqda. Masalan, 2001-yilda dunyo bo‘yicha 2,2 mln. nafar talaba chet davlatlarga o‘qish uchun borgan bo‘lsa, 2021-yilda bu raqam 6,39 mln. ni tashkil qilgan.

XS
SM
MD
LG