Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:46

Bozorga aylangan "Open byudjet"


  • Bepul kola, 1 litr yog‘, 1,5 kilo olma. “Tashabbusli byudjet” loyihasi g‘oliblari e’lon qilindi
  • “Sharmandali byudjet”. Tarmoqlarda loyiha uchun ovoz to‘plash jarayoni tanqid qilindi
  • Prezident maqtovi. Mirziyoyev “Tashabbusli byudjet” loyihasini adolat namunasi deya atadi

7-aprel kuni hukumatning “Tashabbusli byudjet” kampaniyasining 1-mavsumiga ovoz berish jarayoni o‘z nihoyasiga yetib, g‘oliblar e’lon qilindi.

"Ochiq byudjet" portali hisob-kitobicha, 33680ta loyihaga jami 16 milliondan ziyod ovoz berilgan. 1666ta loyiha g‘olib deb topilgan. Bu loyihalarga davlat byudjetidan jami 1,6 trillion so‘mga yaqin pul sarflanadi.

Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, Darxon MFY, Butasoy qishlog‘i eng ko‘p ovoz to‘pladi. Ularning 20 kun ichida to‘plagan ovozi 25728tani tashkil qildi. Qishloq ahli 2.5 km yo‘lni asfalt qilish uchun 1 200 000 000 so‘mni qo‘lga kiritishdi.

Taklifi g‘olib bo‘lganlar karnay- surnay bilan g‘alabani nishonlashmoqda.

Xo‘sh, ovoz berish jarayoni qanday o‘tdi? Bu jarayon prezident ataganday adolat namunasimi yoki faollar ta’kidlaganidek navbatdagi sharmandalik bo‘ldimi?

O‘zbekistonda 3 yildan beri davom etayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihasining yangi mavsumi joriy yilning 6-fevralida boshlandi.

  • Tashabbusli yoki partisipator byudjet– jamoatchilik fikri asosida shakllangan byudjetdir ya’ni mahalliy infratuzilmani tuman, shahar, mahalla yoki qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihalariga byudjet mablag‘larining bir qismini bevosita fuqarolarning tashabbusi asosida yo‘naltirishdir.

2021-yilda yo‘lga qo‘yilgan ushbu loyiha yilda ikki marta fevral va iyul oylarida bo‘lib o‘tadi.

  • Shu o‘rinda atamalar borasida: “Open budget” (Ochiq byudjet)portalning nomi, “Tashabbusli byudjet” o‘sha portaldagi loyihalardan biri. Xalq orasida ushbu loyiha "Open byudjet" nomi bilan tanilgan.

Infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llar qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash kabi loyihalar uchun 6-fevraldan 26- fevralgacha “Ochiq byudjet” portali orqali takliflar qabul qilindi.

  • Portal hisob-kitobi quyidagicha:

Kelib tushgan takliflar - 55970

Tasdiqlangan takliflar - 33680

Rad etilgan takliflar- 22290

G‘olib bo‘lgan takliflar- 1666

18-martda ovoz yig‘ishga start berilishi bilan loyiha ishtirokchilari kimo‘zar musobaqani boshlab, ko‘proq ovoz yig‘ish uchun jon-jahdi bilan harakat qilishdi.

Davlat fuqarolariga hech bir ovoz va sarsongarchiliksiz qilib berishi lozim bo‘lgan ishlar uchun odamlar viloyatma-viloyat, uyma-uy sarson yurishga majbur bo‘lishdi.

Ovoz berish “Ochiq byudjet” portali orqali amalga oshirildi. Buning uchun telefon raqamning o‘zi yetarli, portalda ro‘yxatdan o‘tmasdan turib ham SMS orqali ovoz berish imkoniyati yaratilgan.

Faqat bir sharti bor ya’ni bitta telefon raqamidan bir martagina ovoz berish mumkin. Lekin ovoz beruvchi anonim qoladi va qo‘lingizda nechta simkarta bo‘lsa, shuncha marta ovoz berishingiz mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, ovoz berish jarayoni asosan shunga asoslangan.

Ishtirokchilar ko‘proq ovoz to‘plash uchun qo‘llagan usullarning son-sanog‘i yo‘q. Xuddi avvalgi yillardagi kabi ovoz olish imkoni bo‘lgan har qanday usuldan foydalanildi.

Bepul ichimlik ulashish, 5000 mingdan 10 ming so‘mgacha naqd pul taklif qilish, telefon hisobi yoki plastik kartasiga pul tashlash, bepul yog‘ berish kabi bir qancha usullar joriy yildagi ovoz to‘plash jarayoniga ham xosdir.

O‘tgan yillardan farqli bu yil ovoz to‘plash jarayoniga maktab o‘quvchilari ham jalb qilingan bir necha holat aniqlandi. Shulardan biri-Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktab o‘quvchilari o‘tgan hafta darsga kiritilmay, SIM-karta sotib olish uchun uylariga pul olib kelishga jo‘natilgan. Bu voqeaga guvoh bo‘lgan oqqo‘rg‘onliklar holatni videoga olib tarmoqlarga qo‘yishdi.

Oqqo‘rg‘ondagi ushbu maktab jamoasi “Tashabbusli byudjet” loyihasida ishtirok etdi. Ular maktabning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish bo‘yicha 300 million so‘mlik loyiha uchun ovoz to‘plashdi.

17-maktab to‘plagan ovozlari soni bo‘yicha tumanda oxirgi o‘rinlardan birida edi. Maktab ma’muriyati g‘olib bo‘lish uchun keng tarqalgan usul - SIM-karta sotib olish yo‘li bilan ovozlar sonini ko‘paytirishga qaror qilgan va bunga o‘quvchilarni ham jalb qilgan.

Voqea tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgach, mutasaddilar maktab ma’muriyatini jazolashga majbur bo‘ldi. Toshkent viloyat hokimligi 17-maktab direktori ishdan bo‘shatilgani, o‘quvchilarni ovoz yig‘ish kampaniyasiga jalb qilgan sinf rahbarlariga esa intizomiy jazo berilgani haqida xabar qildi.

"Ochiq byudjet" saytidagi ma’lumotga ko‘ra, ushbu maktab kerakli ovozni to‘play olmagani sabab g‘oliblar safiga kiritilmagan.

Joriy yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasiga ovoz to‘plash jarayonida shifokorlar va o‘qituvchilarni majburan jalb qilish holatlari ko‘plab kuzatildi. Har bir o‘qituvchi yoki shifokorga kamida 80 yoki 100ta ovoz yig‘ish majburiyati yuklangani aytildi.

"Barcha tizimlar xodimlarini “open byudjet”ga ovoz to‘plashga majburlamoqdalar, sog‘liqni saqlash tizimi, xalq ta’limi tizimi, matabgacha ta’lim tizimi, oliy ta’lim tizimi, mahalla tizimi va boshqa barcha tizimlarda shiddat bilan rahbarlar xodimlarni ovoz yig‘ishga majburlamokdalar. Marhamat qilib, hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyat- barchalari to‘liq tarkibda iste’fo berishsin, bunday holatga tushib qolingandan keyin", deb yozdi shifokor va bloger Otabek Ahliddinov.

OzodNazar: Битта овоз берингиз қишлоғимизга – “Ташаббусли бюджет” манзаралари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:44:31 0:00

Tarmoqlarda “Tashabbusli byudjet” loyihasi uchun ishchi-xodimlarni ovoz yig‘ishga majburlanayotgani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bu holat majburiy mehnatga qiyoslanib, loyihani to‘xtatish takliflari ham ilgari surildi.

Sobiq deputat Rasul Kusherboyev esa o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilganlarga oid jazoni kuchaytirish taklifini o‘rtaga tashladi. Kusherboyev “tashabbusli byudjet” loyihasini tanqid qilib, davlatni o‘z bo‘ynidagi ishlarni fuqarolarga yuklab qo‘yganlikda aybladi.

Tarmoqlarning o‘zbek sigmentiga bu mavzuga oid memlar, karikaturalar, she’rlar va hazil videolar qo‘lma-qo‘l bo‘ldi.

Ovoz yig‘ishning yana bir jihati - viloyatlardagi loyiha ishtirokchilari poytaxtga kelib, bozorlar va odamlar gavjum joylarda ovoz to‘plashdi. Ular toshkentliklarga ovoz evaziga bepul ichimliklar va ma’lum summadagi pul taklif qilishdi.

O‘zbekistonda “Tashabbusli byudjet” loyihasiga harakatlar 2018-yilda boshlangan. Shu yili prezident Mirziyoyev qarorida byudjet jarayoniga fuqarolarni ham taklif qilish masalasi kiritilgan. Oradan uch yil o‘tib, 2021-yilning 13-apreldagi prezident qarori bilan “Tashabbusli byudjet” loyihalariga start berildi.

"Aslida open byudjet loyihasi jamiyatning siyosiy ongi uchun juda foydali loyiha. Keyingi bosqichda jamiyatning faollari partiyalarga a’zo bo‘lib, deputatlikka nomzodini qo‘ysa va xalq o‘z nomzodlari uchun mana shunday targ‘ibot qilib yursa, nafaqat open byudjet, balki davlat byudjeti ham kelgusida yanada samarali ishlatiladi", deya yozdi Said Komil Muhammad Karim.

Mirziyoyev har yili “Tashabbusli byudjet” borasida nutqlar irod qilib, loyihani olqishlab kelmoqda.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi dunyo tarjibasida bor amaliyot bo‘lib, ko‘plab davlatlarda muvafaqqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Ilk bor 1989-yilda Braziliyada sinalgan bu tarjiba hozirda dunyoning o‘nlab davlatlarida, jumladan, AQSh, Kanada, Fransiya, Italiya, Germaniya, Rossiya va Qirg‘iziston kabi davlatlarda muvafaqqiyatli qo‘llanilmoqda.

Janubiy Koreyada ham bu amaliyot bor. Ozodlik jamoasi o‘tgan yilning avgustida Koreyaga safari davomida “Tashabbusli byudjet” loyihasiga ovoz yig‘ish jarayoniga guvoh bo‘lgan. U yerda ovoz yig‘ish O‘zbekistondan farqli bo‘lib, odamlar o‘zlari tanlagan taklif uchun saylov shaklida ovoz berishlari lozim. Ya’ni onlayn emas, balki saylov uchastkasiga shaxsan borib ovoz berishlari kerak.

Koreyada ham ovoz evaziga odamlarga hadya berilganiga guvoh bo‘ldik. Koreyaliklarga ko‘ra, bu sovg‘a odamlarga mahalla taqdiriga befarq bo‘lmagani uchun rag‘batlantirish tarzida beriladi.

Biroq O‘zbekistonda “Tashabbusli byudjet” loyihalari savol ostiga olinib kelinmoqda. Ovoz berish jarayonidan tashqari, takliflarni tasdiqlash va loyihalarning ijrosiga ham shubha bilan qaralmoqda.

Loyihaga korrupsiya aralashgani va g‘olib loyihalarga ajratilgan pullarni o‘zlashtirilishiga oid taxminlar ham mavjud.

Ushbu loyihaga qo‘yilayotgan takliflar asosan davlat byudjetidan birinchi navbatda mablag‘ ajratilishi zarur bo‘lgan muammolardir.

Ayni paytda nafaqat ushbu loyiha, balki davlat byudjetining nazorati yo‘q. Hukumat 2019-yildan beri byudjetga oid raqamlarni ochiqlayotgan bo‘lsada, byudjetning ijro mexanizmi hanuz shaffof emas.

XS
SM
MD
LG