Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:49

Bolalarning ommaviy zaharlanishi: Rasmiylar nimani yashirmoqda?


Antistrumin
Antistrumin

Ozodlikning O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligidagi manbalari shu yilning 21-sentabr kuni boshlangan Namangan viloyati va boshqa hududlarda bolalarning ommaviy zaharlanishi dozani oshirib yuborish oqibatida sodir bo‘lganini tasdiqladi.

Bir-biridan mustaqil ikki manbaning aytishicha, hozirda tekshirilayotgan SAMO MCHJ O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan dori vositalari yetkazib berish bo‘yicha ilk shartnomalarni 2021-yil noyabridan 2022-yil dekabriga qadar vazir lavozimida ishlagan Behzod Musayev davrida imzolagan.

Ozodlik manbalari SAMO MCHJ egalari hozirda O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri bo‘lgan Behzod Musayev va Bosh vazir Abdulla Aripovga yaqin shaxslar ekanini iddao qildi.

O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi 25-sentabr kuni “Antistrumin” yod preparatini ishlab chiqargan "Samo” MCHJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Namangan viloyat, Chust tumanida 70 dan ortiq bolaning ommaviy zaharlanishidan besh kun o‘tib zaharlanish sababi va miqyosi hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

Ommaviy zaharlanish hodisasi haqida hozirga qadar na Sog‘liqni saqlash vaziri va na hukumat biron rasmiy bayonot berdi.

Prezident Mirziyoyevning matbuot kotibi hodisadan bir kun o‘tib prezident “qattiq tashvishda” ekani haqida qisqa bayonot berdi, buning ortidan prezidentning to‘ng‘ich qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva hamda prezident administratsiyasi departament rahbari Komil Allamjonovning Chustdagi shifoxonaga tashrif buyurgani xabar qilindi.

Bolalarga berilgan “Antistrumin” dori vositasi ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan SAMO MCHJ ham hodisa yuzasidan biron izoh bergani yo‘q.

Rasmiylar butun O‘zbekiston bo‘ylab millionlab bolalarni qamrab olishi ko‘zda tutilgan hukumat dasturi doirasida ko‘p milliard so‘mlik shartnoma qanday asosda aynan ushbu shirkatga berilgani borasida ham sukut saqlamoqda.

Расмийлар Чустда болаларнинг оммавий заҳарланиш сабаби ва миқёсини очиқламаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:12 0:00

Ayni paytda ochiq manbalardagi ma’lumotlardan “Antistrumin” dori vositasini yetkazib bergan SAMO MCHJ asoschisi Nodir Yunusov “o‘ta xavfli jinoyatchi sifatida Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgani” o‘rtaga chiqmoqda.

Nodir Yunusov odam savdosi, firibgarlik, reket (tovlamachilik) va korrupsion tashkilot yaratish bo‘yicha qidiruvga berilgan.

Nodir Yunusov, shuningdek, Zuma-Pharma MCHJ ning rahbari ham sanaladi. Mazkur korxona "Parkent-Farm" erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritadi. Zuma-Pharma MCHJ «Sputnik V» vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan edi.

AQSH hukumati Yunusov topilgan taqdirda zudlik bilan xabar berishni so‘ragan.

SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “SAMO” MCHJ korxonasining farmatsevtik faoliyati bo‘yicha tekshiruv ishlari olib bormoqda.

Zuma-Pharma'ning rasmiy saytida yozilishicha, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov farm kompaniyani moliyalashtirish va unga yer ajratishga bosh-qosh bo‘lgan.

“Uzgermed Pharm” faoliyati bilan tanishish va bu loyihani amalga oshirishga yordam berish maqsadida O‘zbekiston Bosh vaziri, hurmatli Abdulla Aripov 2020-yilning iyul oyida Yuqori Chirchiq tumanida ishlab chiqarish maydonimizni ko‘rgani keldi va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan loyihani moliyalashtirishga va “Parkent-Farm”ga 3,2 gektar yer ajratilishiga yordam berdi”, deyiladi Zuma-Pharma vebsahifasidagi xabarda.

Ozodlikda Bosh vazir Aripovning bu loyihaga shaxsan aloqasi bor yoki yo‘qligini tasdiqlovchi ma’lumot mavjud emas.

"Markazning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari tomonidan “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik ko‘rsatgichlari bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda tahlil jarayonlari ketmoqda", deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Ammo matbuot xizmati nega shu paytgacha “Samo” MCHJ faoliyati tekshirilmagani haqida hech narsa demagan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu holat yuzasidan tergovga qadar tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Shu paytgacha O‘zbekistonda qancha bola yod preparatlaridan zaharlangani haqida aniq rasmiy ma’lumot yo‘q. Faqat Namangan viloyati Chust tumanida 71 bola kasalxonaga murojaat qilingani haqida rasmiy xabar berildi, xolos.

Undan so‘ng Qalampir.uz nashri 23-sentabr kuni Toshkent shahrida ham yuzdan ortiq bola zaharlanish tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga murojaat qilgani haqida video chiqardi.

Garchi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda ham, bu haqda fikr bildirayotgan shifokorlarning gaplarida ham bolalarning salomatligi aynan o‘sha yodli preparatlarni qabul qilganidan keyin yomonlashgani aytilayotgan bo‘lsa ham, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bolalarning kasallanishi doriga bog‘liq emas deb bayonot berdi.

Ayni paytda ommaviy zaharlanishga dori sabab bo‘lmaganini ta’kidlagan vazir o‘rinbosari, shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga va “Kaliy yodid 1mg, tabletka Antistrumin dorisini tarqatgan “O‘zmedimpeks” MCHJ va “Samo” MCHJga 22- sentabr kuni maktub yo‘llab, dori vositalari iste’molini zudlik bilan vaqtincha to‘xtatishni so‘raydi.

E.Bositxonova maktubi
E.Bositxonova maktubi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva Namangan viloyatida zaharlangan bolalar holidan xabar olgani to‘g‘risida telegram kanalida ma’lum qildi.

O‘sha kunning o‘zida Pop tumanida bolalarning yodli doridan zaharlanish holatlari ham kuzatildi.

22-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu voqea yuzasidan bunday bayonot berdi:

“Namangan viloyatining Chust tumanida maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalar bilan sodir bo‘lgan zaharlanish holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasiga qabul qilingan bolalarning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari olib borilmoqda. Ularga yakuniy tashxis qo‘yish maqsadida belgilangan talablar asosida namunalar olinib, ekspertizadan o‘tkazilmoqda”.

Bu voqeadan bir kun o‘tib, O‘zbekistonning boshqa tuman va shaharlaridan ham shu kabi xabarlar kela boshladi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Andijon va Qo‘qonda ham bir necha bola zaharlanganini iddao qildi.

Andijon viloyatida ham 12 nafar bola zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

22-sentabr kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shoshilinch tibbiy yordam markazi Andijon filialiga borib, toksikologiya bo‘limidagi 12 nafar bola bilan uchrashganligi haqidagi video tarqaldi.

Shu yilning 23-sentabr kuni Toshkent shahridagi Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy ilmiy Markazining toksikologiya bo‘limiga yod preparatidan zaharlanish fakti bilan 200 dan ortiq bolalar murojaat qilgan.

Ozodlikning bu boradagi so‘rovini Markazning navbatchilik qismi tasdiqladi.

“Bugunning o‘zida 400 dan ortiq bolalar murojaat qilgan. Shularning 200 tadan ortig‘i yoddan zaharlanish, ular maktab va bog‘chalardan kelgan bolalar. Bositxonova bo‘ladimi, boshqasimi, biz haqiqatni aytishga majburmiz, hammasi dori ichib, o‘zini yomon his qilgan. Gripp va boshqa o‘tkir respirator kasalliklar bilan kelganlar ham ko‘p” , dedi navbatchilik qismi xodimasi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahridagi 14-sonli bolalar shifoxonasi va boshqa oilaviy poliklinikalarga ham yuzlab murojaatlar bo‘lgan.

Shuningdek, Ozodlik Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ham ommaviy zaharlanishga o‘xshash holatlar bilan bolalarning poliklinikalarga murojaat qilayotgani aytilmoqda.

“Aynan Namangan, Andijon va Toshkentdagi ommaviy zaharlanishlarga o‘xshash holatlar kuzatildi. Bachalar qayd qilib, qusib mazasi bo‘lmayapti. Do‘xtirlarimiz vahima qilmanglar, internetga chiqarmanglar deyapti”, - deydi qumqo‘rg‘onlik Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari yod preparatidan ommaviy zaharlanishlarni rad qilayotganiga qaramay bu holat o‘nlab shifokor va davlat hokimiyati organlari vakillari so‘zlari bilan tasdiqlanib bo‘ldi.

Namangan viloyatining Chust tumanida bog‘cha va maktab bolalarining ommaviy zaharlanish hodisasidan qariyb bir necha kun o‘tib hanuz zaharlanish sababi va miqyosi noma’lumligicha qolmoqda.

Bu esa jamoatchilikda savollarni yanada ko‘paytirmoqda.

Bolalarning yoddan zaharlanishi ehtimoli bo‘lgan voqea sodir bo‘lganidan buyon oradan besh kun vaqt o‘tdi.

Besh kundan buyon hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligining yakuniy laboratoriya xulosasi berilmadi. Bu xulosa berilmasdan turib, barcha bog‘cha va maktablardan yodli preparatlar yig‘ishtirib olindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiya qilgan bu preparatlar nega qo‘llanishdan oldin laboratoriya sinovidan o‘tkazilmadi?

Dorini ishlab chiqargan va tavsiya qilgan “Samo” MCHJ rahbariyati nega shu paytgacha bu haqda bir og‘iz ham izoh bermadi?

Nega Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilikka ochiq va aniq xulosa berish o‘rniga, har xil bahonalarni qilib, chaynalishdan boshqa gapni aytmayapti?

Bu kabi savollar jamoatchilik tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda har kuni rasmiylarga berib borilmoqda. Ammo aniq javob yo‘q!

Ozodlik 25-sentabr kuni “Samo” MCHJning saytida berilgan 4ta telefonga kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qildi. Ammo javob bo‘lmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlari bilan taniqli bo‘lgan doktor Nodirbek Ischanov bolalarning zaharlanishiga oid o‘z taxminlarini bunday bayon qildi.

Uning aytishicha, eng birinchi xato bolalarga hatto katta odamlarga ham berib bo‘lmaydigan doza, o‘n baravar ko‘p berilgan.

Ischanovning aytishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga ko‘ra, yod preparatlarini berishdan oldin vrach-pediatr va endokrinolog ko‘rigi bo‘lishi shart. Ammo bunday bo‘lmagan.

O‘zbekistonlik shifokor, professor Zarifboy Ibodullayev bolalarga berilgan yod preparatlari dozasi ota-onalar va jamoatchilikdan yashirilayotganini taxmin qiladi.

Prezident 7-aprel kuni Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Zuma-Pharma MCHJ ning rahbari Nodir Yunusov u bilan uchrashgan va farmatsevtika sohasiga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar uchun Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan edi.

Avgust oyining oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev maktab o‘quvchilariga yod preparatlarini bepul tarqatish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlandi.

21 sentyabrdan esa yoddan zaharlanish belgilari bilan bolalar kasalxonalarga tusha boshladi.

22-sentabrda tarqatilgan barcha yodlar yig‘ishtirib olindi.

Ammo yod perparatlarini qadoqlabgan va go‘yoki tenderda yutgan “Samo” MCHJ haqida hech kim gapirmayapti. "Samo"dan ham sado yo‘q.

O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar 25-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning Chust tumaniga kelishini eshitib, undan rasmiy bayonot kutishgan.

Ammo vazir Namanganda jurnalistlar qarshisiga chiqmagan.

Jurnalistlar vazirni kutib turgan paytda, o‘zini Amrillo Inoyatovning yordamchisi deb tanishtirgan mulozim prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq bo‘lgani, vazirni hech qanday intervьyu bermaslik haqida ogohlantirishganini aytadi.

O‘tgan yil dekabrida Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan Amrillo Inoyatov birinchi marta ziddiyat markazida qolayotgani yo‘q.

Bundan avval u shifokorlar pul olishi mumkinligini aytishi ortidan korrupsiyaga yo‘l ochishda ayblangandi.

Jamoatchilik Toshkent shahar sudida davom etayotgan "Dok Maks" ishi bo‘yicha ham qator savollar ochiq qolayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan fojiadan bir yil o‘tmay, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq yana bir yirik sog‘liq inqiroziga yuz tutgan.

Mutaxassislar bu inqirozning yechimi mamlakatdagi boshqaruv bilan, shaffoflik va hisobdorlikning yo‘qligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda ildiz otgan korrupsiya bilan chambarchas bog‘liq ekanini aytishadi.

XS
SM
MD
LG