Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:36

Bo‘kada mahbusning o‘limi va norozilik. IIB rahbariyati ishdan olindi


Rasmiy bayonotga ko‘ra, marhumning jasadida tan jarohatlari bor. (Illyustrativ surat)
Rasmiy bayonotga ko‘ra, marhumning jasadida tan jarohatlari bor. (Illyustrativ surat)

Bo‘ka IIBsida qiynoqqa solingani aytilayotgan 36 yashar erkak vafot etdi.

Ichki ishlar vazirligi tuman IIBning deyarli butun rahbariyati ishdan chetlatilgani, ikki tezkor xodim hibsga olinganini aytmoqda. Ammo rasmiy bayonotda xodimlarning qiynoq qo‘llagani haqida so‘z bormaydi. Faqat marhumning jasadida tan jarohati borligi aytilgan.

Hodisa vafot etgan gumondor yaqinlarining noroziligi ortidan o‘rtaga chiqmoqda.

Bu O‘zbkiston ichki ishlar idorasida oxirgi bir hafta ichida ma’lum bo‘lgan ikkinchi o‘lim holatidir.

Toshkent viloyati Bo‘ka tuman Ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilingan 1987-yilda tug‘ilgan, to‘rt farzandning otasi U.S., olgan tan jarohatlari oqibatida kasalxonada vafot etdi.

3-iyunda sodir bo‘lgan ushbu hodisa matbuotga 5-iyun kuni ma’lum bo‘ldi. Tarmoqlardagi shov-shuvlardan so‘ng Ichki ishlar vazirligi hodisa bo‘yicha bayonot e’lon qildi.

IIVning dastlabki rasmiy axborotida qo‘lga olingan shaxs “AQSHda tug‘ilgan”i qayd etiladi. Keyinroq IIV rasmiy axborotidan bu qayd olib tashlandi va marhumning Yuqorichirchiq tumanida yashagani aytildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, yuqorichirchiqlik bu yigit qator o‘g‘riliklarni sodir etishda gumonlanib 3-iyunda qo‘lga olingan:

"3-iyun kuni soat taxminan 22.00larda gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan".

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Dastlabki ekspertiza xulosalariga ko‘ra, marhumning qorin sohasiga urilgani va bo‘yin qismidan bo‘g‘ib qiynalgani aniqlangan.

IIV bildiruvida ta’kidlanishicha, hozirda hibsga olingan ikki tezkor xodim gumonlanuvchini qiynoqqa solganlarini rad etmoqda. Prokuratura hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ekspertiza tayinladi.

Qiynoq hodisasi matbuotga oshkor bo‘lgach, Toshkent viloyati prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘adi. Marhumni tergov qilgan Bo‘ka IIBsining ikki xodimi zudlikda ishdan bo‘shatilib, hibsga olindi.

Ular Jinoyat kodeksining 235-moddasi, ya’ni “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash” moddasida qayd qilingan jinoyatni sodir qilganlikda gumonlanmoqda.

"Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidan qiynoqlar qo‘llangani haqida yangi

Nadejda Atayeva
Nadejda Atayeva

xabar oldik. Eng avvalo bir muhim jihatni aytib o‘tishim kerak: bugun O‘zbekistonda qiynoqlar haqida ochiq-oydin gapirila boshlandi. Mamlakatda JKning 235-moddasi bo‘yicha, ya’ni qiynoqqa solishda ishtirok etganlik uchun javobgarlikka tortish amaliyoti ishlab chiqilayotgani belgilari mavjud. Biroq bunday jinoyatlarga aloqador shaxslar yengil-yelpi jazo bilan qutulib qolishi mumkinligi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Nega? Chunki qiynoqlarga aloqador shaxslar huquq-tartibot idoralari xodimlari ekani va ular harbiy sud orqali javobgarlikka tortilishi ro‘kach qilinib, sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkaziladi", deydi Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva.

Ichki ishlar vazirligi ushbu hodisa oldini olmagani uchun Bo‘ka IIBsining deyarli barcha mulozimlarini ishdan oldi.

"Xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi", deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralariga yaqin manbaga ko‘ra, viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limini 5 yildan buyon boshqarayotgan podpolkovnik Ortiq Xudaybergenov ham Bo‘ka voqeasi bo‘yicha ishga tortilishi mumkin.

Kun.uz podpolkovnik Xudayberganovning prezident Mirziyoyevning maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenovning o‘g‘li ekaniga e’tibor qaratib, uning rahbarligi davrida viloyatdagi jinoyat qidiruvi xizmati xodimlarining ko‘plab g‘ayriqonuniy ishlariga «ko‘z yumib» kelinayotganini iddao qilgan.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda yuqorichirchiqlik yigit o‘limidan so‘ng, uning hodisadan g‘azabga kelgan qarindoshlari Bo‘ka tumani IIB binosiga borgani va ulardan ayrimlari bino ichkarisiga kirishga urinayotgani aks etgan video tarqaldi.

Yuqoridagi video ham Bo‘ka tuman IIB binosi oldida olingani aytilmoqda. Unda o‘ndan ziyod odam IIB binosi darvozasini tepib, norozilik bildirayotgani aks etgan.

Ichki ishlar vazirligi hodisa ortidan IIB binosida yuz bergan norozilik yuzasidan rasmiy izoh berganicha yo‘q. Ozodlikning Bo‘ka tumani IIBsi va Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan bu borada munosabat olishga urinishlari ham natija bermadi.

Ayni paytda marhumning to‘liq ismi-sharifi va shaxsi haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Ozodlik manbalari gumondor va norozi yaqinlarining Bo‘kadagi lo‘li millatiga mansub mahalliy aholi vakillari ekanini tasdiqlamoqda. Ozodlik gaplashgan faollarga ko‘ra, ichki ishlar vazirligining hodisaga zudlik bilan munosabat bildirishi va tizimga xos bo‘lmagan tarzda butun boshli IIB rahbariyatining iste’foga chiqarilishi ortida aynan millatlararo totuvlikka putur yetkazilish xavfi turgan bo‘lishi mumkin.

Tarmoqlarning o‘zbek segmentida esa marhumning yaqinlariga hamdardlik bilan birga, uning yaqinlari jasorati maqtalgan postlar ham paydo bo‘ldi.

"Lo‘lilar agar rostdanam yopirilib borib melisalarga noroziligini ko‘rsata olgan bo‘lsa, lo‘lilarga ta’zim qilaman men. Lo‘lilar xalq, biz qo‘y otarimiz agar rost bo‘lsa", deya yozdi Feysbuk faoli ​Farukh Samarkandi ham.

Bo‘kadagi voqea qiynoq bilan bog‘liq so‘nggi bir haftadagi ikkinchi holat. Toshkentda giyohvand modda iste’mol qilishda gumonlanib hibsga olingan 21 yashar yigit IIBda bir hafta davom etgan so‘roqdan so‘ng 29-may kuni Tez tibbiy yordam bo‘limida vafot etgan. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi gumondorning Chilonzor tuman IIB binosining 4-qavatidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilganini aytmoqda. Ammo shifokorlar va yaqinlarining ko‘rsatmalari rasmiy farazdan farq qiladi. Bu esa marhum o‘limiga qiynoqlar sabab bo‘lgani haqidagi taxminlarni keltirib chiqardi.

Stiv Sverdlov- AQSHdagi Janubiy Kaliforniya universiteti professori, huquqshunos
Stiv Sverdlov- AQSHdagi Janubiy Kaliforniya universiteti professori, huquqshunos

"Shu haftada Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida ikki xodim bir kishini qiynab o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi mash’um xabar O‘zbekistonda qiynoqlar oddiy holga aylanganini eslatadi. Boz ustiga, o‘tgan haftada bir odam juda shubhali tarzda – IIB binosining to‘rtinchi qavatidan o‘zini tashlab, o‘ldi. Bularning bari mamlakatda qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshi emas, degan mujdani bermoqda", deydi AQSHdagi Janubiy Kaliforniya universiteti professori, huquqshunos Stiv Sverdlov.

Tергов қилинаётган йигит ўлими. “Менга топширилганда оёқ-қўли бутун эди!”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:18 0:00

Nukus voqealarida ayblanib 16 yilga qamalgan Dauletmurat Tajimuratov ham Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan tergov jarayonida qiynoqqa solinganini aytgan.

Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti hisobotida ham Nukus voqealarida ayblanib hibsga olinganlarga qarshi qiynoq qo‘llanilgani qayd qilingan.

Ikki oy avval Namangan IIBsi ham qiynoq voqeasi bilan trendga chiqqan edi. 12-aprel kuni Namangan viloyati Pop tumani IIB tomonidan hibsga olingan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayevning shafqatsiz qiynoqqa solingani xabar qilingan.

2021-yilning 26-iyun kuni prezident Mirziyoyevning "Qiynoq qurbonlarini qo‘llash xalqaro kuni”da qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingan, ammo faollarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida qiynoqlardan o‘lim holatlari davom etmoqda.

Jumladan, 2021-yilning 25-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumani IIBning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga olib kelingan fuqaro Nursoat Muhammadiyevning jasadi yaqinlariga topshirildi. IIB organi uning viloyat narkologik dispanserida vafot etgani, marhumning yaqinlari esa uning urib o‘ldirilganini iddao qildi, qiynoq izlari borasidagi vajlar tekshirilmadi.

2022-yilning 11-fevral kuni Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tuman, “Chandir” mahallasida yashovchi Yusuf Sultonov IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan va oradan 6 soat o‘tib, yaqinlari uning o‘lganidan xabar topishgandi. Tergovchi Sultonovning "alkogoldan vafot etgani”ni aytgan.

2022-yilning 17-oktabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan “Voyaga yetmaganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish markazi”da Uchko‘prik tumani Sulton MFYda yashovchi 9-sinf o‘quvchisi 15 yashar Ravshanbek Abdusattorov kaltaklanish natijasida vafot etgan.

"Yuqoridagi va boshqa holatlar ichki ishlar organlariga kirib qolgan "bir-ikkita noinsof" xodim emas, balki tizimli muammo, muammo bo‘lsa hamki, bunga kosmetik islohotlar bilan emas, qat’iy va tizimli asosda chora ko‘rilishi lozim", deya yozdi ​Davletovuz Telegram kanali.

Huquq faollari mamlakatda qiynoqlar bilan bog‘liq xavotirlarning saqlanib qolayotganini ichki ishlar tizimi tubdan isloh qilinmagani bilan bog‘lashadi.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham O‘zbekiston Ichki ishlar tizimi “jarlik tubiga sho‘ng‘igani”ni aytib, vaziyatni o‘nglash uchun haqiqiy islohotlarga zarurat borligini ta’kidladi:

"Biz ichki ishlardagi islohotlar haqida 2020-yildan buyon aytib kelamiz. Afsuski buni aytgan bilan foyda bo‘lmayapti. Chunki bizda rahbarlarning iste’fosi bilan bog‘liq fikrlar hech qachon normal qabul qilinmasligini vaqtning o‘zi ko‘rsatib bo‘lgan.

Biroq men hamon shu fikrdaman: islohotni aslida ichki ishlar tizimining eng yuqori bo‘g‘inlaridan boshlash kerak".

O‘tgan oy prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiya qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Unga muvofiq O‘zbekiston hukumati tomonidan BMTning inson huquqlari kengashiga mamlakatda inson huquqlari ta’minlanishi, jumladan, qiynoqlarga qarshi kurashga oid milliy hisobotlar tayyorlanadi.

"Islohotlar boshlanganiga ko‘p yillar bo‘lganiga qaramay, Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasiga mahkumlar va mahbuslar ahvolidan xabar olish uchun O‘zbekiston qamoqxonalariga erkin kirib-chiqishga ruxsat berilgani yo‘q. Bu birinchidan. Ikkinchidan, ushbu muammoning so‘z erkinligiga juda katta aloqasi bor. Huquq faollari va jurnalistlar emin-erkin faoliyat yurita olmas ekan, biz bunaqa jinoyatlardan juda oz xabardor bo‘lamiz. Prokuratura o‘sha ikki xodimni hibsga olgani va tergov olib borayotgani yaxshi, albatta. Ammo biz bilamizki, O‘zbekistonda ko‘pincha bunaqa tergov va surishtiruvlar qandaydir noto‘g‘ri natija bilan tugaydi. Holbuki bunaqa ishlar sinchiklab, ochiq va shaffof tergov qilinishi, sud jarayoni ham ochiq bo‘lmog‘i lozim – toki o‘lgan fuqaroning qarindoshlari unda bevosita ishtirok etib, adolatni his qilsinlar.

O‘zbekiston hukumati esa BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida ushbu muammo bilan faolroq shug‘ullanishi, qiynoqlarning oldini olish bilan birga, fuqarolik va inson huquqlari tashkilotlari, jurnalistlar mazkur jiddiy muammoni ochiq-oydin muhokama qilishlari uchun sharoit yaratishi kerak", deydi AQSHdagi Janubiy Kaliforniya universiteti professori, huquqshunos Stiv Sverdlov.

Hyuman Rayts Votch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti 24-may kuni e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonda g‘ayriinsoniy munosabat va qiynoq qo‘llanilayotganiga oid iddaolar tilga olingan.

Biroq o‘tgan oyda Samarqandda o‘tkazilgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining anjumanida O‘zbekistondagi qiynoqlar iddaosiga hech bir ko‘rinishda munosabat bildirilmadi. Bankning 20 yil avval Toshkentda o‘tgan anjumani O‘zbekistondagi qiynoqlar va inson haqlari bilan bog‘liq boshqa muammolar sabab xalqaro mojaroga aylanib ketgan edi.

ЕТТБ анжумани Ўзбекистонга қайтди. Қийноқлар ҳам
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:48 0:00

"Huquq faollari va fuqarolik jamiyati vakillari qiynoqqa solish holatlari jamoatchilikka oshkor bo‘lishi uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishmoqda. Lekin bir narsani tushunib olaylik: davlat irodasi va ishtiroki bo‘lmas ekan, fuqarolik jamiyati rivojlanmas ekan qiynoqlarga barham berib bo‘lmaydi", deydi Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva.

XS
SM
MD
LG