Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:06

"Bir kunda o‘g‘lim, kelinim va uch nevaramni tuproqqa qo‘ydik". O‘zbekistonda is gazidan o‘layotganlar


O‘zbekistonda aksar aholi qish mavsumida gaz va elektr taqchilligidan aziyat chekib keladi.
O‘zbekistonda aksar aholi qish mavsumida gaz va elektr taqchilligidan aziyat chekib keladi.

8-dekabr kuni Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida bir oilaning ikki a’zosi vafot etdi. Ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani aytilmoqda. Xorazm viloyat Favquodda vaziyatlar boshqarmasi bu haqda avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarni tasdiqladi. Xabarda aytilishicha, 2 nafar fuqaro vafot etgani bo‘yicha sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Shu yilning 1-noyabridan buyon mahalliy matbuotda yoritilgan is gazidan o‘lim holatlari 20 dan oshdi.

Har yili qishning sovuq kunlarida O‘zbekistonda gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar o‘nlab odamning umriga zomin bo‘ladi. Rasmiylar o‘lim holatlarida fuqarolarning o‘zlarini ayblaydi, o‘lim holatlariga issiqlik elektr qurilmalarining texnik foydalanish va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik yoki gazga noqonuniy ulanish sabab bo‘lgani aytiladi.

"Hammasini qabristonga yonma-yon qo‘ydik”

Buxorolik vrach Ochil Usmonov bir kunda o‘g‘li, kelini va uch nabirasini tuproqqa topshirdi.

Jondor tumanining Oxshix qishlog‘ida yashovchi bu oilaning besh a’zosi 5-dekabrga o‘tar kechasi is gazidan zaharlanib vafot etgan.

“Kecha janozasi bo‘ldi, ilojimiz qancha, hammasini qabristonga yonma-yon qo‘ydik”, - deydi Usmonov.

Yaqinlarining aytishicha, marhum Nodir Usmonov tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. U 4-dekabr kuni oila-a’zolari bilan to‘yga borgan va shu kuni uyiga kechki 9larda qaytgan.

Ertasi kuni ertalab ukasi kelib, xonadon darvozasini taqillatib, chaqirgan. Ammo uydan hech kim chiqmagan. Tushlikka yaqin xonadon eshigi buzib kirilganida er-xotin va ularning 2, 7, 11 yoshdagi farzandlari jonsiz holda topilgan.

“Shu kuni kelin va bolalari bilan to‘yga borishgan, uyga kech 9larda kelishgan. Kotyol isitmagani uchun elektropechkani yoqishgan. Bolalarni uyiga o‘sha isitgich qo‘yilgan ekan. Kichkina qizini paypog‘i shu pechkaga ilinib qolgan. Yong‘in shu paypoqdan qolinga o‘tgan, sintetik gilam borku, polos, o‘shanga o‘tgan. Sintetik gilam juda zaharli bo‘lar ekan, is gazi shundan chiqqan. Ertasiga ertalab telefon qilganimizda, hech kim ko‘tarmadi. Shundan keyin kichkina o‘g‘lim xonadon darvozasini bossa, uydan hech kim chiqmagan. Keyin eshigini buzib kirishsa, ana shu holat bo‘lgan”, - deya hikoya qiladi Ochil Usmonov.

O‘n kunda o‘ndan ortiq o‘lim

24-noyabr kuni Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida uch kunlik yosh kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etgani xabar qilindi. Ularning qo‘lbola pechkadan chiqqan is gazidan bo‘g‘ilib o‘lgani aytiladi.

Avvalroq Namanganning Pop tumanida ikki ayol va bir bola, qaynona, kelin, nabira, Qashqadaryoda 17 yoshli qiz, Jixxaxda ayol va uning ikki nabirasi, Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi is gazidan zaharlanish natijasida hayotdan ko‘z yumgandi.

Noyabr oyining boshida Jizzaxning Forish tumanida bir ayol va uning ikki farzandi is gazidan halok bo‘lgan.

Fojialar, asosan, mo‘risi tozalanmagan yoki tekshirilmagan isitish pechlaridan foydalanish oqibatida yuz bergani xabar qilinadi.

Favqulodda holatlar vazirligi bu kabi fojiali holatlarga, asosan, qo‘lbola pechkalardan foydalanish, gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa yoqilg‘ilardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, dudbo‘ronlarni noto‘g‘ri o‘rnatish sabab bo‘layotganini ma’lum qilgan.

FVV: qo‘lbola pechkalardan foydalanmang!

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi - matbuot xizmati boshlig‘i Murod Sodiqov Ozodlik bilan suhbatda o‘lim xolatlari ro‘y bermasligi uchun aholini qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmaslikka chaqiradi.

“Hozir uyma-uy yurishlar qilib, aholi orasida tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Isitish pechlari sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligi tekshirilishi kerak, nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmang, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanish kerakligi tushuntirilyapti. Qishda sovuq tushishi bilan baxtsiz hodisalar hamma joyda bo‘ladi, boshqa mamlakatlarda ham bo‘ladi. Lekin, bu yil O‘zbekistonda avvalgi yillarga qaraganda fojialar kam”, - deydi Sodiqov.

Vazirlikka ko‘ra, 2021-yil davomida is gazidan 128 inson halok bo‘lib, 67 inson zaharlangan.

Nafaqat gaz, sifatli pechka ham yo‘q

O‘zbekistonda havo harorati tunda -10 darajadan pastroqni tashkil qilayotgan ayni kunlarda aksar aholi gaz va elektr quvvatidan uzilgan og‘ir sharoitda qanday qilib bo‘lmasin qishdan omon chiqishga urinmoqda, noilojlikdan qo‘lbola pechkalardan foydalanmoqda, deydi farg‘onalik bloger Dima Qayum

“Odamlar har qanday qo‘lbola, yasama, eng xavfli usullargacha qo‘llab, sifatsiz, yaroqsiz, eski pechkalardan foydalanyapti. Bu ilojsizlikdan, majburlikdan, sababi O‘zbekistonda o‘ttiz yil bo‘lyapti yaroqli, sifatli pechka ishlab chiqaradigan zavodlar yo‘q. Shu sabab qo‘liga qanday temir tushsa, tunuka tushsa, eski gaz ballon tushsa, shundan pechka qilib, eng xavfli usullardan foydalanishyapti, sifatsiz ko‘mir ishlatishadi. Yana aytaman, bu majburlikdan, ilojsizlikdan. Oqibatda o‘lim xolatlari bo‘lyapti. Ayniqsa go‘daklar o‘lyapti. Yana bir sabab gazni pastligi, bir o‘chib bir yonadi, ogohlantirishsiz uzib yana beriladi, mana shunaqa xolatlarda ham is gazi chiqishidan odamlar o‘lyapti. Bu shu sohaga mas’ul bo‘lgan shaxslarning xatosi deb o‘ylayman. Qish uchun taraddud ko‘rish kerak edi. Hozir ham kech emas, qattiq sovuqlar oldinda, xalqimizga sabr bersin”.

Aksar ijtimoiy tarmoq faollari hukumatni harakatsizlikda ayblaydi.

Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida hukumatni xorijdan sifatli isitish vositalari olib kirish uchun bojxona imtiyozlari berishga chaqirdi.

“Is gazidan o‘limlar… yurak zirillab qoldi!

Har kuni, har soatda matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda is gazidan zaharlanish oqibatida qurbonlar aks etgan ma’lumotlarni o‘qimoqdamiz.

Sovuq xabarlardan yurak olinib qoldi. Axir, bu qanaqasi, har kuni yurtdoshlarimiz qurbon bo‘lmoqda.

Xitoy va boshqa mamlakatlarda is gazini aniqlovchi detektorlar ishlab chiqarilib, sotilarkan. Nahotki, mamlakatimizga shu jihozlarni keltirish va har sohaga imtiyozlar beradigan hukumatimiz shu jihozlarga ham soliq va bojxona imtiyozlari berishga qodir bo‘lmasa?!

Odamlarning qurbon bo‘lishi, texnologiya zamonida o‘limlar uchun urushning hojati qolmayapti. Prezident Administratsiyasi, Innovatsiyalar vazirligi, bu haqda o‘ylang, nimadir qilaylik!”

Bloger Sanajar Said esa: “Xalq sovuq kunlarda qiynalmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bu muammo haqidagi xabarlar, shikoyatlarga to‘lib-toshdi. Har kuni to‘rtta-beshta odam is gazidan vafot etmoqda. Metan zapravkalarda turnaqator navbatlar. Uylar sovib ketgan, gaz, tok taqchilligi. Gripp, shamollash ko‘paygan.

Qiziq, bularning barchasiga javobgar va mas’ul bo‘lgan yagona shaxs hozirda nima bilan band ekan?”, deya Facebook sahifasida izoh qoldirdi.

2020-yilning 16-dekabrida o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev bir yilda 56 ta is gazidan zaharlanish va 106 ta chaqnash holati oqibatida 106 nafar fuqaro vafot etgani, 190 nafari zaharlanganini aytgan edi.

O‘sha yig‘ilishda prezident Mirziyoyev Bosh vazir zimmasiga FVV Yong‘inga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni tubdan isloh qilish va yangi tizim yaratish yuzasidan taklif berish vazifasini yuklagan.

ZIMISTON-UZ: Яна қиш, яна энергетик коллапс
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:47 0:00

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatda izg‘irinli kunlar bo‘layotgani sabab tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun vazirlikda uzluksiz ish olib boradigan Shtab tashkil etilgan.

Vazirlik axborotida aytilishicha, so‘nggi bir sutkada mamlakat bo‘ylab “Tez yordam”ga 37 336 ta murojaat bo‘lgan. 3291 nafar bemor shifoxonaga yotqizilgan.

SSV bu raqamlar sovuq boshlanishidan oldingi raqamlardan ko‘p yoki ozligiga aniqlik kiritmagan.

XS
SM
MD
LG