Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:40

"Bahsli, ammo jinoyat emas". HRW bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevni ozod qilishga chaqirmoqda


9 - dekabr kuni Human Rights Watch (HRW) tashkiloti besh oydan beri hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlik bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev (Fozilxo‘ja Arifxodjayev)ga qo‘yilgan "asossiz" ayblarni bekor qilish va uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, Orifxo‘jayev ijtimoiy tarmoqda yozgan "zararsiz" posti uchun jamoat xavfsizligiga tahdid qilganlikda ayblanib, sakkiz yillik qamoq jazosiga yuz tutmoqda.

Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 2021 - yilning 28 - iyun kuni dastlab mayda bezorilik aybi bilan hibsga olingan edi. Bu ayblovlar uchun bloger 15 sutka qamoqda o‘tirdi. Ammo HRW ga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari uni qo‘yib yuborish o‘rniga, yangi jinoyat ishi bo‘yicha tergov hibsxonasida saqlamoqda.

Orifxo‘jayevning oila-a’zolari unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingani va hibsda unga lozim tibbiy yordam ko‘rsatilmaganini aytishmoqda.

«Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mutlaqo asossiz ko‘rinadi va O‘zbekiston rasmiylari uni zudlik bilan ozod qilishi kerak», deydi HRW tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mihra Rittmann.

HRW ga ko‘ra, bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevning fikrlari bahsli bo‘lishi mumkin, ammo jinoyat emas.
HRW ga ko‘ra, bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevning fikrlari bahsli bo‘lishi mumkin, ammo jinoyat emas.

«Xavotirlisi, Orifxo‘jayev hibsga olinganidan keyin uning sog‘ligi sezilarli darajada yomonlashgan va u shoshilinch tibbiy muolajaga muhtoj», deb aytgan Rittmann.

41 yoshli Orifxo‘jayev O‘zbekiston hukumatining din bo‘yicha siyosati borasidagi tanqidlari bilan tanilgan. Uni sudgacha qamoqda saqlash muddati 13 - dekabrda o‘z yakuniga etadi.

Masjiddagi tortishuv

Orifxo‘jayev hibsga olingan paytda hukumatparast bloger Abrorjon Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) bilan tortishayotgan bo‘lgan.

26 - iyun kuni Orifxo‘jayev Abduazimov bilan yuzma-yuz so‘zlashish uchun Abduazimov va’z o‘qiyotgan Toshkentdagi «To‘xtaboy» masjidi oldiga borgan. U yerda Orifxo‘jayev Abduazimovni «ikkiyuzlamachi» deb atagan.

28 - iyun kuni ichki ishlar xodimlari Orifxo‘jayevni chaqirtirib, uni mayda bezorilikda ayblashgan va hibsga olishgan, uyali telefonini tortib olganlar. O‘sha kuni sud blogerni 15 sutkaga hibsga olish to‘g‘risida hukm chiqargan.

Orifxo‘jayev jazo muddatini o‘tayotganida advokati Sergey Mayorovga COVID-19 pandemiyasini bahona qilib, u bilan uchrashtirishmagan. Mayorov bir necha bor mijozini ko‘rishga uringan, ammo rad javobini olgan.

O‘shanda Mayorov o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan ko‘rishtirilmayotganining ehtimoliy sababi unga nisbatan qiynoq qo‘llangani bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi.

«Balki menga Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevning badanidagi qiynoq izlari yo‘qolganidan keyin uchrashuv berishar», deb yozdi u 9 - iyul kuni e’lon qilgan bayonotida.

Diniy erkinliklarni nazorat qiluvchi Forum18 xalqaro tashkiloti Orifxo‘jayev 15 kun hibsda saqlangan paytda qamoqxona ma’murlari unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishganini xabar qildi.

13 - iyul kuni – Orifxo‘jayev ozod etilishi kerak bo‘lgan kunda Mayorovni chaqirib, mijoziga «ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya vositalaridan yoki Internetdan foydalangan holda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish yoki ko‘rsatish» ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atganini ma’lum qilishgan.

Bunga Orifxo‘jayevning telefonida topilgan Facebook posti asos bo‘lgan.

Orifxo‘jayev 2021 - yilning 6 - martda yozgan postida boshqa din vakillarini diniy bayramlari bilan tabriklash to‘g‘ri yoki yo‘qligi haqida o‘z fikrini bildirgan.

HRW ga ko‘ra, Orifxo‘jayevning fikrlari kim uchundir bahsli bo‘lishi mumkin, ammo zinhor jinoyat emas. Qolaversa, deyiladi tashkiloti bayonotida, so‘z erkinligi xalqaro inson huquqlari normalari bilan himoyalangan.

Mayorov HRW nashriga bergan intervyusida davlat yollagan mutaxassis post «aholi o‘rtasida vahima qo‘zg‘atishi» va «diniy fundamentalizmga» teng kelishi mumkin, degan xulosaga kelganini aytdi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u tahlil mazmuni bilan tanishib chiqqanidan keyin uni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi tilxatni imzolagan.

HRW ga ko‘ra, O‘zbekistonda shaffoflik yo‘qligi va Orifxo‘jayevning advokati maxfiy ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga majbur qilingani e’tiborga olinsa, rasmiylar blogerga qo‘ygan boshqa ayblovlar jamoatchilikka ma’lum bo‘lmasligi mumkin.

Toshkent sudi Orifxo‘jayevni hibsga olish muddatini uch oyga, keyinroq 13 - dekabrgacha uzaytirdi. Uning ishi sudda qachon ko‘rib chiqilishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Mayorov HRW tashkilotiga bergan intervyusida mijoziga tergov hibsxonasida ham jismonan, ham ruhiy jihatdan yomon munosabatda bo‘lishgani, jumladan, qiynoqqa teng keladigan muomala qilishganini, buning natijasida Orifxo‘jaev tushkunlikka tushganini aytadi. Mayorovning so‘zlariga ko‘ra, sentabr oyi oxirida ichki ishlar xodimlari Orifxo‘jayevning qo‘lini quvurga kishanlab qo‘yishgan va uni qariyb 12 soat noqulay va og‘riqli holatda o‘tirishga majburganlar.

Orifxo‘jayevning oila-a’zolari HRW tashkilotiga uning sog‘lig‘i iyul oyidan beri yomonlashganini aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Orifxo‘jayev umurtqa pog‘onasida churradan aziyat chekadi.

Qamoqda u bel og‘rig‘idan qiynala boshlagan va yurishi qiyinlashgan. Unga hibsda hassadan foydalanishga ruxsat berishmagan. Shuningdek, Orifxo‘jayev so‘nggi haftalarda bir necha bor hushidan ketgan va yuragi xastalangan. Qolaversa, ko‘p haftadan buyon davolanmagan tish og‘rig‘i tufayli yaxshi ovqatlana olmay qolgan va oriqlab ketgan.

Orifxo‘jayev tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun qamoqxona tibbiyot punktiga o‘tkazilgan, biroq u yerda unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. Oilasining iddao qilishicha, bunga qisman tibbiyot punkti to‘lib ketgani sabab bo‘lgan.

Forum18 nashrining xabar berishicha, Orifxo‘jayevning dastlabki 15 kunlik qamoq jazosini o‘tayotgan paytida militsiya uning soqolini zo‘rlik bilan olib tashlagan, o‘zini izolyatorda saqlagan va dush qabul qilishi yoki kiyimini almashtirishiga ruxsat bermagan.

Shuningdek, bloger advokati bilan uchrashishni talab qilganidan keyin militsiya xodimlari uni haqoratlagan va uzoq muddatga qamalishini aytib, tahdid qilgan.

HRW Orifxo‘jayev o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani va bu holat xalqaro huquqqa zid ekanini aytmoqda. Tashkilot O‘zbekiston hukumatini Orifxo‘jayevni zudlik bilan ozod qilishga, tegishli tibbiy yordam olishini ta’minlashga hamda unga shafqatsiz muomala qilingani va u qiynoqqa tutilgani haqidagi da’volarni tekshirishga chaqirdi.

«Orifxo‘jayevga qarshi ishning jamoat tartibiga haqiqiy tahdid bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini, aslida O‘zbekiston rasmiylarining hukumat tanqidchisi ovozini o‘chirish istagi bilan aloqadir ekanini anglab yetish mushkul emas», deydi HRW tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mihra Rittmann.

XS
SM
MD
LG