Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:57

Andijondagi klaster 3 oydan buyon fermerlarga paxta pulini bermayapti


O‘zbekistondagi aksariyat klaster korxonalari fermerlarning paxta pulini shartnoma muddatida to‘lab berolmaydi.
O‘zbekistondagi aksariyat klaster korxonalari fermerlarning paxta pulini shartnoma muddatida to‘lab berolmaydi.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tumanidagi “Vodiy sanoat faxri” MChJ klaster korxonasi o‘nlab fermerning 2020 - yil paxta pulini bermay kelmoqda.

Bu haqda arz qilgan fermerlarning Ozodlikka aytishicha, o‘z haqini talab qilib borgan fermerlarni "klaster rahbari quvib solgan".

Klaster korxonasi bosh hisobchisi 14 fermerning paxta puli to‘lanmaganini tasdiqlarkan, buning sababini pandemiya bois xorijga mahsulot sotilmay qolgani bilan izohladi.

Ulug‘nor tumanidagi fermerlarning aytishlaricha, klasterning paxta pulini to‘lash muddati shartnomada ko‘rsatilganidan yuz kun o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, klaster 2020 - yil hosil pulini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelmoqda.

“Humoyun Mirzo” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhratbek Abduqodirovning aytishicha, u klasterga qariyb 80 tonna paxta sotgan, lekin shu paytgacha pulini ololmagan:

Bizning topshirgan mahsulotimizni haqini bersin, bo‘ldi, boshqa da’vomiz yo‘q!

“Klaster bir so‘m pul bergani yo‘q, qo‘lim bir so‘m ham pul ko‘rgani yo‘q. Barcha xarajatlardan tashqari, 36 million so‘m sof daromadim bor. Ishchilarimga pul berishim kerak, suvchilarga berish kerak, eheee, bir dunyo masala bor. Hamma narsa ana shu pulga qarab turibdi. Agar biz qarzdor bo‘lib qolsak penya to‘laymiz, hozir mana soliqdan qarzimiz bor, penya bosib yotibdi. Bo‘lmasa, soliqqa to‘lab bersin. Bizning topshirgan mahsulotimizni haqini bersin, bo‘ldi, boshqa da’vomiz yo‘q!”

“Ulug‘norda Tursunoy yeri” fermer xo‘jaligi rahbari Jonibek Xolmatovning aytishicha, klaster undan ham qariyb 17 million so‘m qarzdor:

“Shartnomani bajargan bo‘lsak, o‘z vaqtida paxtani terib topshirgan bo‘lsak, nega pulimizni bermaydi. Qachongacha klaster ortidan chopib yuramiz, qachongacha o‘zimizning peshona teri haqimizni ololmaymiz?”

“Ulug‘norda Sariqsuv” fermer xo‘jaligi rahbari Elmurod Isroilov klaster rahbari oldiga bir necha bor paxta pulini so‘rab borishgani, lekin rahbar ularni quvib solganini aytadi:

Meni sizlarga beradigan pulim yo‘q deb, haydab chiqarib yubordi.

“Buni qarang, paxta topshirish shartnomasini 130 foizga bajardim. O‘zim ham, ishchilarim ham yanvarda qo‘limiz pul ko‘radi deb xursand bo‘ldik. 16 million so‘m pulim qolgan, shuni bermayapti. Soliq penya tug‘ib yotibdi. Kuni-kecha ko‘pchilik bo‘lib, kalster rahbari Iqboljon degan odamning oldiga kirgan edik, meni sizlarga beradigan pulim yo‘q deb, haydab chiqarib yubordi. O‘zining haqingni olish uchun ham gap eshitsang, axir bu nima degan gap?”

“Nodir” fermer xo‘jaligi rahbari Sharofiddin Maqsudov ham shu paytgacha 18 million so‘m pulini ololmayotganini aytdi.

“Vodiy sanoat faxri” MChJ klaster korxonasi rahbari Iqboljon Abdumannayev Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Klaster korxonasi bosh hisobchisi Nodir Dostonov 14 fermerning paxta puli to‘lanmaganini tasdiqlar ekan, buning sababini eksport to‘xtab qolgani bilan tushuntirdi.

Hozir 14ta fermerdan 350 million so‘m qarzimiz qolgan.

“To‘g‘ri, shartnoma muddati o‘tib ketdi. Bizning mahsulotlarimiz asosan chet elga eksport bo‘ladi. Pandemiya sabab eksportimiz jichcha to‘xtab qolib, shuning hisobiga mablag‘ni yetkazolmay qoldik. Hozir 14ta fermerdan 350 million so‘m qarzimiz qolgan. Mana, bozorimiz yurib qoldi, Xudo xohlasa aprel oyining oxirigacha hal qilamiz”.

Bosh hisobchi Ozodlikning “kechiktirilgan muddat uchun fermerga sizlar ham penya to‘laysizlarmi?”, degan savoliga “Birinchi o‘rinda o‘zaro kelishuv qilinadi, agar kelishuvga erishilmasa, sudga murojaat qilishlari mumkin. Lekin pullari qolib ketmaydi, beramiz, albatta”,- deya javob berdi.

Fermerlarning iddao qilishlaricha, bir nechta ishlab chiqarish korxonalarini o‘zida jamlagan “Vodiy sanoat faxri” MChJ klasterning mablag‘i yetarli, lekin bu pullarni u avvalo o‘zining manfaati uchun ishlatmoqda:

“Klasterning qurilish obyektlari ko‘payib ketibdi, degan gaplarni eshityapmiz. Klaster rahbarining bir-ikkita fabrikani ochib olay, keyin sizlar bilan raschyot qilaman, degan joyi ham bo‘ldi. Uchinchi aprel kuni o‘sha fabrikani ochib, keyin beraman dedi, mana u ham o‘tdi, bermadi. Ulug‘norda fabrikasi bor, Andijonda yangi fabrika ochdi, besh yulduzli mehmonxona quryapti. Fermerning puliga qarab qolgan ekan”.

Ozodlik bundan avval ham o‘nlab tumanlarda paxta pulini o‘z vaqtida ololmagan fermerlar muammolarini yoritgan edi.

Jori yil boshida Xorazm viloyatidagi 78 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari “Shovot Tekstil” klaster korxonasiga qarashli “Textile Finance Khorezm” MChJ bilan ishlashdan bosh tortgan. Shovotlik fermerlar yirik tadbirkor Farhod Mamajonov nazorat qiladigan “Uztex Group” ni yetkazib berilgan paxta uchun kam haq to‘lash va klaster manfaati ko‘zlangan shartnomani imzolash yo‘lida bosim o‘tkazishda ayblashgan.

14 - yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda fermerlar bundan so‘ng faoliyatlarini o‘zlari tashkil qilgan “Shovot Paxta kooperatsiyasi”da davom ettirishlarini aytishgan.

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslett o‘tgan yilgi tadqiqotida O‘zbekistondagi klasterlar faoliyatida shaffoflikning deyarli yo‘qligiga e’tibor qaratgandi.

“Biz klasterlarga¸ shartli ravishda uch xil rangdagi bayroq berib chiqdik. Yashil - faoliyati ochiq va shaffof ¸ zarg‘aldoq -jamoatchilik uchun ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q¸ qizil esa boshqaruv faoliyati nafaqat axloq¸ balki pul yuvish bo‘yicha gumonlarga eltuvchi jihatlar tufayli ham yomon deb topilgan klasterlarga berildi. Hayratlanarli jihati¸ O‘zbekistonda keyingi uch yil ichida tashkil etilgan klasterlarning 49 foizi zarg‘aldoq¸ 41 foizi esa¸qip-qizil bo‘lib chiqdi. 90 foiz klasterga oid ma’lumot yoki umuman yo‘q¸ yoki borlari nihoyatda shubhalidir”, - degan tadqiqotchi Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG