Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:56

Afg‘oniston: Panjshir Tolibonga qarshi. NATO Bosh kotibi toliblarni ogohlantirdi


"Panjsher sheri" Ahmad Shoh Ma’cudning o‘g‘li Ahmad Ma’sud Tolibonga qarshilik harakatini tashkil qilishga kirishdi.
"Panjsher sheri" Ahmad Shoh Ma’cudning o‘g‘li Ahmad Ma’sud Tolibonga qarshilik harakatini tashkil qilishga kirishdi.

Sobiq Afg‘oniston hukumatining yuqori martabali birgina mulozimi “toliblar qudrati oldida hech qachon bosh egmayman”, deya ochiq bayonot berib, Afg‘onistondan ketmoqchi emasligini ma’lum qildi. U Panjsher viloyatida tug‘ilgan, qochoq prezident Ashraf G‘ani davrida vitse-prezident bo‘lib ishlagan Amrulloh Solihdir.

Solihning aytishicha, “amaldagi Afg‘oniston konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident yo‘qligida, qochib ketganida, iste’foga chiqqanida yoki vafot etganida birinchi vitse-prezident vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ladi”.

“Men ayni paytda mamlakatdaman va qonuniy prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchiman. Barcha davlatlar rahbarlariga murojaat qilib, ulardan meni har tomonlama dastaklashni so‘rayman”, degan Amrulloh Solih.

1980—1990 - yillarda mujohidlar yetakchisi, dala qo‘mondoni va mudofaa vaziri bo‘lgan Ahmad Shoh Ma’sudning o‘g‘li Ahmad Ma’sud Tolibonga qarshilik harakatini tashkil qilishga kirishdi.

Ahmad Ma’sud bu haqda Fransiyaning “La Règle du Jeu” jurnalida e’lon qilingan maktubida ma’lum qilgan. Jurnal noshiri – dunyoga mashhur yozuvchi va faylasuf Bernar-Anri Levi kichik Ma’sudning otasi bilan do‘st bo‘lgan. Ahmad Shoh Ma’sud 20 yil muqaddam “Al‑Qoida” xudkushi tarafidan o‘ldirilgan edi.

Ahmad Ma’sud o‘z murojaatida, jumladan, afg‘onlar hozirda Yevropa 1940 - yilda bo‘lgan vaziyatda ekani haqida yozgan. Mamlakat deyarli tor-mor bo‘ldi, mag‘lub bo‘lganlar toliblar bilan hamkorlik qilish yo‘llarini izlamoqda, deb hisoblaydi Ahmad Ma’sud.

16 - avgust kuni Bi-bi-si muxbiri Yaldo Hakim Amrulloh Solih bilan kichik Ahmad Ma’sudning birga tushgan suratini e’lon qildi. Surat ostidagi yozuvda Afg‘onistonda aksiltolib koalitsiyasi shakllanayotgani taxmin qilingan.

"Панжшер шери"нинг ўғли толибонга қарши курашда отаси йўлидан бормоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:57 0:00

NATO rahbari: Tolibon Afg‘onistonga xalqaro terrorchilarni kiritmasligi kerak

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Tolibon” harakatini xalqaro terrorchi guruhlarga Afg‘onistondan boshpana berishdan ogohlantirdi.

“Hozir iqtidorga keluvchilar Afg‘onistonga xalqaro terrorchilar kiritilmasligi uchun javobgar bo‘ladi”, dedi Stoltenberg 17 - avgust kuni Bryusseldagi matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan bo‘lsa-da, Shimoliy Atlantika ittifoqi terrorchi shu’balarning qayta guruhlanishi alomatlari bor yoki yo‘qligini va ular olis masofadan zarba berishga hozirlik ko‘rayotgan yoki yo‘qligini sinchkovlik bilan kuzatmoqda.

Stoltenberg toliblarning bu qadar tez g‘alaba qozonishi NATOni hayron qoldirganini aytdi, biroq u “keng quloch yozgan fojia”da afg‘on hukumati yetakchilarini aybladi. Shu tariqa NATO rahbari AQSh prezidentining bir kun oldingi bayonotiga xayrixohligini ko‘rsatdi: Jo Bayden o‘z bayonotida Vashington afg‘on armiyasining “Tolibon” qurolli otryadlari hujumiga qarshi tura olishiga umid qilganini aytgan edi.

Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulloh Solih sobiq Kobul hukumatining Tolibonga qarshi chiqqan yagona mulozimi.
Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulloh Solih sobiq Kobul hukumatining Tolibonga qarshi chiqqan yagona mulozimi.

Yens Stoltenberg seshanba kungi chiqishida “afg‘on xavfsizlik kuchlarining bir qismi mardona jang qilgan”ini e’tirof etdi. “Ammo ular g‘alaba qozona olishmadi, chunki Afg‘onistonning siyosiy rahbariyati dushman bosimiga bardosh bera olmadi”, dedi NATO rahbari.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalistlardan biri – afg‘on ayoli ko‘zida yosh bilan Stoltenbergdan “Tolibon” Afg‘onistonda inson huquqlari rioya qilinishi uchun G‘arb davlatlari qarshisida javob berishga rozi bo‘lgunicha uni tan olmaslikni iltimos qildi.

Afg‘onistonni tark etishni xohlovchi minglab kishilarni ko‘chirish tobora tartibli xalqaro operatsiya tusini olmoqda. Germaniya kansleri Angela Merkel Afg‘onistondan evakuatsiya reyslarini tashkil qilish masalasida Yevropaning boshqa mamlakatlari rahbarlari bilan kelishuvga erishdi.

17 - avgust kuni Merkel telefon orqali Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hamda Italiya Bosh vaziri Mario Dragi bilan so‘zlashdi. Davlat boshliqlari o‘z fuqarolarini, shuningdek, mahalliy afg‘onlardan bo‘lgan xodimlarni ko‘chirishda “yaqin hamkorlik qilishga” kelishib oldilar.

Kobuldagi internet kafe - Afg‘oniston, iyul, 2012
Kobuldagi internet kafe - Afg‘oniston, iyul, 2012

Facebook Tolibonni dastaklovchi akkauntlarni bloklashda davom etadi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i Tolibon harakatini dastaklovchi, madh qiluvchi yoki uning g‘oyalarini ifoda etuvchi akkauntlar to‘sib qo‘yilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Bu haqda shirkat bayonotiga tayanib CNN xabar qilmoqda.

“AQSh qonunchiligiga muvofiq Tolibon terrorchi tashkilot bo‘lib, unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan, shu bois biz xavfli tashkilotlarga oid o‘z siyosatimizdan kelib chiqib, ularga xizmatlarimizdan foydalanishni taqiqladik”, deyiladi Facebook bayonotida.

Ushbu taqiq shirkatga oid boshqa platformalar — WhatsApp hamda Instagram ga ham tatbiq etiladi.

Facebook xabarnomasiga ko‘ra, shirkatda “dari va pushtu tillarini hamda Afg‘oniston mahalliy shart-sharoitini yaxshi biladigan maxsus jamoa” shakllantirilgan bo‘lib, bu ekspertlar “platformada yuzaga kelgan muammolarni aniqlash va ularning oldini olishga ko‘maklashmoqda”.

Toliblar o‘zaro muloqotda WhatsAppdan foydalanishi to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Shu munosabat bilan Facebook mazkur ilovada Tolibon bilan aloqador sahifa va akkauntlar borligi aniqlanganda, zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG