Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:52

Yunusoboddagi “snos” mojarosi: 14ta do‘konni qurgan tadbirkor hibsga olindi


Yunusoboddagi do‘konlarni buzish payti. 25 - yanvar, 2022 - yil
Yunusoboddagi do‘konlarni buzish payti. 25 - yanvar, 2022 - yil

31 - yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi ASIA GAMMA LINE MChJ boshlig‘i Ashraf Najmiddinovni sudgacha hibsda saqlash haqida ajrim chiqardi. Shu kuni Najmiddinovning uyida tintuv ham o‘tkazilgan.

Yaqinlariga ko‘ra, tadbirkor Najmiddinov 29 - yanvar kuni guvoh sifatida prokuraturaga chaqirtilgan payti hibsga olinib, ikki kundan beri tergov izolyatorida saqlanayotgan edi.

37 yashar Ashraf Najmiddinovga tegishli Yunusobod tumanidagi 14 ta savdo do‘koni O‘zbekistonda blekaut yuz bergan 25 - yanvar kuni buzila boshlangan. Shu kuni voqeaga blogerlar va huquq himoyachilari aralashgach, buzish ishlari yarim tunda to‘xtatilgan.

Tadbirkorning yaqinlariga ko‘ra, ularning qo‘lida Yunusobod tuman hokimining 2018 - yilda do‘konlar qurilishiga ruxsat bergan qarori mavjud.

Toshkent shahar prokuraturasi esa Najmiddinovni hokim qarorini qalbakilashtirganlik va 14 ta do‘konni savdogarlarga noqonuniy ravishda ijaraga berganlikda ayblamoqda.

Ayni paytda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati kuchishlatar idoralari xodimlarini tadbirkor Najmiddinovning shaxsiy mulkiga noqonuniy zarar yetkazganlikda ayblab, ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish talabi bilan prokuraturaga murojaat qilgan.

Sud qarori: Tadbirkor hibsda qoladi

ASIA GAMMA LINE MChJ boshlig‘i Ashraf Najmiddinov bilan bog‘liq voqeani o‘rganayotgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati boshqaruv kengashi a’zosi Murod Maqsudovning Ozodlikka bildirishicha, 31 - yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi Najmiddinovni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan:

- 28 - yanvar kuni Najmiddinovni kuch bilan olib ketishmoqchi bo‘lishgan. Biroq yaqinlari videoga olib qarshilik qilgach, o‘sha kuni uni olib ketishmagan. Ertasiga guvoh sifatida chaqirib, keyin unga 228-modda bilan hokimning qarorini qalbakilashtirish ayblovi qo‘yilgan va ehtiyot chorasi sifatida uni hibsda ushlashgan. Bugun tush payti sud uni tergov payti hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi.

Tadbirkorning akasi Saida’lo Najmiddinovning Ozodlikka aytishicha, 31 - yanvar kuni organ xodimlari ukasining uyida tintuv ham o‘tkazgan:

- Bugun tintuv bo‘ldi. Prokuratura va ichki ishlardan 4ta odam keldi. Qo‘lida tintuv qilish haqida qog‘oz bor edi. Nima qidirishdi noma’lum. Hech narsa olib ketishmadi.

Blekaut kungi buz-buz

O‘zbekiston energotizimida yirik avariya - blekaut sodir bo‘lgan 25 - yanvar kuni Toshkentning Yunusobod tumani, 6-mavzesidagi Husniobod mahallasida joylashgan Ashraf Najmiddinovga tegishli 14 ta savdo do‘konini buzish ishlari boshlandi.

- 25 - yanvar kuni do‘konlarda savdo bo‘layotgan payti traktorlar bilan buzishga kelishdi. Bizga hech narsa ko‘rsatishmadi. Snos haqida sud qarorini ko‘rsatishmadi. Do‘konlarimizning uchdan birini buzib tashlashdi,- deydi Saida’lo Najmiddinov.

O‘sha kuni voqea joyida bo‘lgan “Ezgulik” faoli Murod Maqsudov ham kuchishlatar idoralari xodimlari do‘konlarni buzishga oid biror hujjat ko‘rsatishmaganini aytadi:

- 25 - yanvar kuni, blekaut bo‘lgan kuni hamma joyda energoresurslar o‘chgan payti tushdan keyin 2-sektor ya’ni prokuratura sektori kotibi Umid Azizov bilan ichki ishlar idoralari tomonidan ekskavatorlar olib kelingan. Buzish haqida og‘zaki aytilgan, lekin undan oldin ham shu kuni ham hech qanday yozma ogohlantirish bo‘lmagan. Menga o‘sha kuni soat kechqurungi 5larda qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Tadbirkorlar huquqiy yordam so‘rashdi. Men o‘sha joyda Feysbuk orqali jonli efirlar qilgach va tadbirkorlarning buzishga qarshiliklari kuchaygach, biz buzishlarni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Men prokuratura xodimidan buzish uchun qanday asoslar borligini so‘raganimda, u hech qanday hujjat taqdim qilmadi. Faqat og‘zaki “bor” deb aytildi.

“Shaxsiy mulkka zarar berganlar jazolansin!"

“Ezgulik” faoli Murod Maqsudovga ko‘ra, tadbirkor Najmiddinov do‘konlarining buzilishi borasida Toshkent shahar prokuraturasiga 27 - yanvar kuni tashkilot nomidan murojaat qilingan.

- “Ezgulik” jamiyati nomidan Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilganmiz. Mutasaddi idoralar tomonidan fuqaroning shaxsiy mulkiga zarar etkazilgani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha yozma murojaat qilganmiz. Hech qanday sud qarorisiz, ogohlantirishsiz buzish holatiga O‘zbekiston qonunchiligida chek qo‘yilgan. Lekin shunga qaramasdan hech qanday hujjatsiz, ogohlantirishsiz shaxsiy mulkka zarar yetkazish holati bo‘lgan.

Saida’lo Najmiddinov ham javobgarlar jazolanishidan umidvor:

- Buni o‘zining qonun-qoidasi borku. Buzish kerak bo‘lsayam, kelib ishlayotgan payti buzilmaydi. Bizga ogohlantirish kelishi kerak edi. Yoki qandaydir buzish uchun muddat berishi kerakku. Bizning shaxsiy mulkimizni bunchalik darajada buzish noto‘g‘riku.

Tadbirkorlar: Qo‘limizda hokim qarori bor

Saida’lo Najmiddinovga ko‘ra, Husniobod mahallasidagi 14 ta do‘konni qurish uchun 2018 - yilda Yunusobod tuman hokimining qarori olingan. Uning hisob-kitobicha, 14ta do‘konni qurish uchun taxminan 300 ming AQSh dollari miqdorida harajat qilingan.

- Hokimning 2018 - yilgi qarori asosida oynavand do‘kon qilganmiz. Hokimiyat tomonidan qator talablar qo‘yilgan. Bolalar maydonchasi qilish, keyin atrofni asfalt qilish, hududlarga qarash talabi bo‘lgan. Taxminan 300 ming dollar ketgan bo‘lsa kerak. Lekin hamma hujjatlar ukamning o‘zida. Qancha ketganini aniq u biladi. 14ta do‘konni oynavand qilib qurdik. Asfaltlar qilindi. Do‘konlarni qurib, tayyor bo‘lgach tadbirkorlarga ijaraga berdik.

“Ezgulik” faoli Murod Maqsudovga ko‘ra, tadbirkor Najmiddinov qo‘lida kadastr idorasidan tashqari hamma tashkilotlardan olingan hujjatlar bor:

- Qo‘lida 2018 - yilgi Yunusobod tumani hokimining qarori bor. Obodonlashtirish va yengil turdagi konstruksiyaviy maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish uchun yer ajratish qarori bor va tuman arxitekturasidan shu do‘konlarga tasdiqlatgan loyihasi bor. Lekin ayrim bahonalar bilan kadastr tomonidan hujjatlar taqdim qilinmagan. Lekin qo‘lida tasdiqlatgan loyihalari bor.

Ozodlikka taqdim qilingan hujjatlardan biri 2018 - yil 24 - avgustdagi Yunusobod tuman hokimi Baxtiyor Abdusamatovning 1517-sonli qarori nusxasi bo‘lib, unda 4ta muhr va 2 ta imzo bor.

Hujjat nusxasida ASIA GAMMA LINE MChJga bolalar bog‘i tashkil qilish va uning tarkibida engil turdagi oynavand ko‘rinishdagi savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish maskanlari o‘rnatishga ruxsat berilgan.

Prokuratura: Hokim qarori qalbakilashtirilgan

Toshkent shahar prokuraturasining tadbirkor Najmiddinov do‘konlarining buzilishi borasida bergan rasmiy izoh bildirdi.

“ASIA GAMMA LINE” MChJ ta’sischisi A.S.Nadjmitdinov Yunusobod tumani hokimi (sobiq) B.Abdusamatovning 24.08.2018 - yilgi qarorini qalbakilashtirib va shu hujjatdan foydalangan holda, arxitektura-qurilish, davlat qurilishi nazorati, kadastr va boshqa idoralarning tegishli ruxsatnomalarini olmagan holda, noqonuniy ravishda umumiy maydoni 800 kv.m. dan iborat 14 ta do‘konlarni qurgan va ushbu qurilmalarga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda, fuqarolarga noqonuniy ravishda ijaraga berib kelgan”, deyiladi rasmiy izohda.

Deputat: Do‘konlar noqonuniy buzilgan

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev tadbirkor Najmiddinovga qarashli do‘konlar noqonuniy buzilgan deb hisoblaydi.

“Yunusobod tumanida fuqarolar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun qurilgan qurilmalarni buzish ishlari noqonuniy amalga oshrilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017 - yil 5 - iyuldagi 467-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda ularni buzib tashlashni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organlariga hokimiyat, kadastr, arxitektura, ekologiya va madaniy meros departamenti kiradi. Bu yerda prokuraturaga ham, ichki ishlar organlariga ham o‘zboshimcha qurilmani buzdirish vakolati berilmagan”, -deydi deputat.

Kusherbayev agar biror imorat noqonuniy qurilgani aniqlangan taqdirda uni buzish tartibiga to‘xtalarkan, sud qarori chiqqachgina buzish ishlari boshlanishi lozimligini aytadi.

“Toki sudning yakuniy qarori chiqmagunga qadar hech bir organ yoki shaxs fuqarolarning qurilmalarini o‘zboshimcha deb, shikast yetkazishi, buzishi va bosim o‘tkazishi mumkin emas! Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan holatda prokuratura va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari mansab vakolatidan chetga chiqib, fuqarolarning huquqlari qo‘pol darajada buzilishiga yo‘l qo‘yishgan. Bu jinoiy javobgarlika sabab bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi o‘z tizimining quyi bo‘g‘inida sodir etilayotgan ushbu qonunbuzilishi holatiga huquqiy baho berib, qonuniy choralar ko‘rishi shart, deb hisoblaymiz”, deydi Kusherboev.

Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha yana ikki kishi hibsda

Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Yunusobod tumanida noqonuniy qurilgan imoratlar borasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ushbu ish doirasida Najmiddinovdan tashqari yana ikki shaxs hibsga olingan.

Yunusobdda yashovchi Sh.Sh. ismli shaxs biron-bir hujjatlarsiz, loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlamagan holda firibgarlik yo‘li bilan, hokimlik mansabdor shaxslari ko‘magida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishga harakat qilganlikda gumonlanib ushlangan.

Yunusobod tumani hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Sh.Qo‘chqorov esa noqonuniy qurilishlarga ruxsat bergani uchun qamoqqa olingan.

Sud qarorisiz buzishlarni Ombudsman o‘rganmoqda

Tadbirkor Najmiddinov do‘konlarining sud qarorisiz buzilishi holatini Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Biznes-ombudsman Matbuot xizmatining xabar berdi.

“Mazkur murojaat Biznes-ombudsman tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqish uchun qabul qilinib, holatga aniqlik kiritilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.

Yangi O‘zbekiston buz-buzlari

Yunusobodda o‘tgan yilning sentyabrь oyida ham sud qarorisiz “Max Disegm House” MChJ qurgan 14ta do‘konning buzilishi tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgandi.

Ozodlik surishtiruvi Yunusoboddagi 100 dan ortiq tadbirkorga tegishli 6 gektarlik hudud Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning 2019 -? yil 31 - dekabridagi qarori bilan prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga aloqador shirkatga berib yuborilganini o‘rtaga chiqargandi.

$11.5 млнлик "совға"- Ортиқхўжаев 100га яқин тадбиркор ерини президент куëвига алоқадор ширкатга текинга берган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:39 0:00

“The World Justice Project” xalqaro nohukumat tashkiloti 2021 - yil hisobotida O‘zbekistonni mulk daxlsizligi ta’minlamangan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston 139 ta mamlakat ichida 138-o‘rinni egallagan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 2020 - yilda buzilgan uylarning 55 foiziga tovon puli to‘lanmagan. Uyi buzilgan mulkdorlarga davlat 400 milliard so‘mdan ko‘proq qarz bo‘lib qolgan. Bu qarzning faqat 202 milliard so‘mi to‘langan.

Hozircha 2021 - yilgi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot e’lon qilinganicha yo‘q.

2020 - yilning dekabrida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xususiy mulk dahlsizligini ta’minlash maqsadida “snos”larga moratoriy e’lon qilishni taklif etdi. Ammo bu taklif shu kungacha hukumat tomonidan e’tirof etilmadi.

XS
SM
MD
LG