Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:42

OzodTarmoq: Siz oxirgi marta qachon mumtoz musiqa konsertiga tushdingiz?


Dunyo musiqasi bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspert fikricha¸ har qanday ijod¸ xususan¸ mumtoz musiqaning yashab qolishi¸ rivojlanishi uchun ham ma’muriy to‘siqlardan ozod bo‘lgan muhit lozim.
Dunyo musiqasi bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspert fikricha¸ har qanday ijod¸ xususan¸ mumtoz musiqaning yashab qolishi¸ rivojlanishi uchun ham ma’muriy to‘siqlardan ozod bo‘lgan muhit lozim.

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida bildirilayotgan ayrim mulohazalar e’tiboringizga taqdim etiladi. Voqealarga berilayotgan baholar mutlaqo muallif pozitsiyasi. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida Dunyo musiqasi (World Music) bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspert Husniddin Atoning Facebookdagi o‘z sahifasida 28 avgust kuni e’lon qilgan postni e’tiboringizga havola qilyapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda.

***

ChARChADIM, YeNGILDIM, BOShQA BU HAQDA YoZMAYMAN.

Yillar davomida murojaatlarimni o‘qiyverib, keyin navbatchi javoblar yo‘llayverganlar endi xotirjam nafas olishlari mumkin. Sababi men uchun og‘ir: Nomoddiy Madaniy Meros targ‘iboti va rivojiga to‘sqinlik qilayotgan va sizlar jon-jahdingiz bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan litsenziya borasida endi yozmayman.

O‘z milliy madaniyating, mumtoz merosing himoyasi va rivoji uchun hukumatga qanchalik taklif kiritmagin, barchasi bekor ketmoqda. Asos va dalillar ham, barcha-barchasi.

Aslida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoni muhokamaga qo‘yilganida mumtoz meros targ‘iboti uchun yorug‘ kunlar yaqindek tuyulgandi, bunga ishongim kelmasdi. Sababi – ID-19957 sonli ushbu farmon loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Konsert-tomosha faoliyatiga litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda Konsert-tomosha faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma taqdim etish tartibiga o‘tilishi kerak edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bunday bo‘lmadi.

2020 yil 24 avgustdagi PF–6044-son ostida imzolangan ushbu farmonda konsert faoliyatiga tegishli band butunlay olib tashlandi. Bundan esa ushbu sohada hech qanday o‘zgarishga hojat yo‘q, hammasi mukammal degan xulosaga kelindi. Loyiha himoyasi uchun portalda men keltirgan asos va dalillar esa, afsuski, so‘nggi qarorni qabul qilgan hech bir vatan farzandini qiziqtirmadi.

Qiziqtirmaydi ham, bundan oldin ham qiziqtirmagan. Avval bo‘lganidek, endi ham Nomoddiy Madaniya Meros jilovlanishda, estrada va shou-biznes bilan bir qozonda qaynashda va uning changida qolishda, ommaviy madaniyat o‘rmonida adashishda davom etadi.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi faqat barmoq bilan sanarli davlatlarda mavjud bo‘lib, bu ijodni, ijodiy erkinlikni va ijodni namoyish etishni cheklash, jilovlash, bo‘g‘ish deganidir. Bu, ayniqsa, nomoddiy madaniy meros rivoji va targ‘iboti, milliy cholg‘u ijrochiligi hamda professional konsertlar tashkil etilishiga juda katta to‘siq, xalqaro raqobatga mos mahoratli xonanda va sozandalar, jamoalarning yetishib chiqishi yo‘lidagi ulkan devor hisoblanadi.

Aslida, biz umuman ijod sohasida, estrada-konsert faoliyati sohasida litsenziyaning bekor qilinishi tarafdorimiz. Buni bemalol har qanday bahsli jarayonda isbotlay olamiz ham. Lekin bizni eng tashvishlantiradigani, bu – Nomoddiy Madaniy Merosimizga nisbatan sodir bo‘layotgan ayanchli tarixiy fojiadir.

O‘zbekistonda Nomoddiy Madaniy Meros yo‘nalishida ijod qilayotgan ijodkorlarning qonun doirasida mustaqil faoliyat olib borishlari uchun biror hujjatda huquq va erkinliklar keltirib o‘tilmaganligi sababli ham asosan estrada yo‘nalishidagi konsert faoliyati uchun ishlab chiqilgan qoidalarga ro‘para bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi. Bu esa o‘z navbatida an’anaviy xalq musiqasi va milliy raqslar borasida shundoq ham nochor kechayotgan targ‘ibot ishlariga, yo‘qolib borayotgan meroslarimizni saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish ishlariga to‘sqinlik qilmoqda.

Biz istagancha maxsus maktablar, maxsus oliygohlar tashkil etmaylik, ushbu ijrochi va ijodkorlarning erkin ijod qilishlari, va o‘z ijodlarini professional tarzda namoyish etishlari uchun mukammal tizim yaratilmas ekan, kelajakda barchalari o‘sha mashhur litsenziya atalmish devorga borib urilishlari, va o‘z ijodlarini faqatgina davlat tasarrufidagi ansambllar, va shuningdek, to‘ylar bilan cheklashlariga to‘g‘ri keladi.

An’anaviy va xalq musiqa merosini litsenziya to‘sig‘idan qanday qilib qutqarish mumkin, degan savol ustida men talabalik davrimdan, taxminan 2003-yillardan boshlab bosh qotirib kelaman. Aynan shu yillardan boshlab mumtoz musiqa merosini internet orqali targ‘ib qilishni boshlaganman. Bu mavzudagi rasmiy murojaatlarim tarixi esa 2014 yilning martidan boshlanadi.

E’tibor qiling, 2014 yil 24 mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligiga, shuningdek, 2014 yil 13 dekabr sanasida marhum Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomiga yo‘llagan xatlarimda konsert faoliyati uchun joriy etilgan litsenziya va soliqlar borasida quyidagi takliflarni bergan edim:

- asosini milliy musiqamiz, maqomlarimiz, milliy cholg‘ularimiz ishtiroki tashkil etadigan konsert dasturlari tashkillashtirilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga keng imkoniyatlar yaratish;
- mumtoz yo‘nalishda ijod qilayotgan va professional cholg‘u ijrochiligi rivojiga qaratilgan konsert dasturlari uchun imtiyozlar joriy etish va hujjatlarda alohida keltirib o‘tish;
- xonanda, sozanda va konsert tashkilotchilarining maxsus tayanch ma’lumotga egaligi borasidagi hujjatini alohida e’tiborga olish;
- maqom, mumtoz musiqa, dostonlarning yakkaxon va guruh ijrochilari, milliy cholg‘ular asosidagi konsert dasturlari tashkilotchilarini maxsus ruxsatnoma olishdan ozod qilish borasidagi mavjud hujjatlarga o‘zgartirish kiritish;
- elektron cholg‘ular (sintizator, bass gitara, baraban) aralashmasidagi musiqiy konsertlardan soliqlar qisqartirilishi;
- o‘z tabiiy ovoziga ega bo‘lgan cholg‘ular vositasidagi konsertlar, maqomlar, milliy kuy-qo‘shiqlar va dostonlar ijrosidagi konsertlar esa soliqlardan ozod qilinishi lozim
;
(xatdan ko‘chirma tamom)

Ushbu takliflar bilan 2014 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi - Ministry of Culture - Ministerstvo kulturi, O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHAVKAT MIRZIYOYEV - ShAVKAT MIRZIYoEV murojaat kiritib kelganman.
Takliflarim qanchalik inobatga olinganini o‘zingiz bugungi kun islohotlaridan bilishingiz mumkin.

Quyidagi savollar va takliflar esa 2017 yil 7 may hamda 2017 yil 4 dekabr sanalarida Prezident Shavkat Mirziyoev - Shavkat Mirziyoyev yo‘llangan murojaatimda mavjud muammoni bayon etishimda keltirilgandi:

- Mumtoz musiqa yo‘nalishidagi konsert dasturlarini qayerda tinglash mumkin?
- Shashmaqom turkumi hamda Katta ashula yo‘nalishidagi konsert dasturlarinichi?
- Toshkentda bir oyda/yilda necha bor mumtoz/shashmaqom/xalq musiqasi asosidagi konsertlar bo‘lib o‘tadi?
- Bir yilda xorij mamlakatlarida (elchixonalar ishtirokisiz) necha bor O‘zbekiston mumtoz, xalq musqasi asosidagi konsertlari tashkillashtiriladi?
- O‘zbekistonda musiqa merosiga oid maxsus muzey bormi?
- Xorijlik tadqiqotchilar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlar, musiqiy, maqom namunalarini olish uchun qayerlarga murojaat qilishlari mumkin?
- Siz qancha estrada va qancha an’anaviy yo‘nalishda ijod qilayotgan xonanda va sozandani sanay olasiz, va ularni oxirgi konsertlari qachon, qayerda va nechi kun davom etgan?
- Bir yilda bitta estrada xonandasi nechi turdagi musiqiy albom nashr ettiradi?
- An’anaviy yo‘lda ijod qilayotganlarchi?
- An’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan qaysi sozandalarni bilasiz va ular qanday cholg‘ularda ijro etishadi?
- O‘zbekiston Konservatoriyasining An’anaviy ijrochilik bo‘limini bitirayotgan talabalarning nechi foizi aynan an’anaviy yo‘lda ijod qilishyapti?
- O‘zbekiston Konservatoriyasining An’anaviy ijrochilik bo‘limini bitirayotgan talabalar bugungi kunda Shashmaqom turkumidagi yirik asarlarni qayerlarda ijro etishyapti?

Bunday savollarga javob berish uchun sohadagi faoliyatlarni tahlil qila oladigan, tanqidiy yondasha oladigan jurnalistlar, xalqaro tajribaga ega mutaxassislar, afsuski, yetishmaydi. Hattoki, Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari rahbar va xodimlari bilan bo‘lgan suhbatlarda ham har doim masala boshi berk ko‘chaga kirib, jiddiy islohotlar talab etilishi shartligiga borib taqalavergan.

Quyida takliflar ham alohida e’tiborga olinishi lozim:

1. Internetda O‘zbekiston an’anaviy va xalq musiqa merosi fonoarxivini yaratish va muntazam targ‘ib etib borish;
2. O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi magistratura bosqichi uchun maxsus musiqa (shu jumladan madaniyat va san’at) menejmenti kursini joriy etish;
3. Zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida O‘zbekiston musiqa merosi muzeyini tashkil etish;
4. O‘zbekistonning chekka hududlarda an’anaviy va xalq musiqa merosimizdan jonli ravishda namoyish etish istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga keng ikoniyatlar va imtiyozlar yaratish;
5. Xorijdagi konsertlarga, Festivallarga yo‘l olayotgan an’anaviy va xalq yo‘nalishida ijod qilayotgan mustaqil sozanda, xonanda, raqqosa va jamoalar safar xarajatlari, avia chiptalari uchun maxsus grantlar ajratish;
6. Nodavlat tashkilotlar istagiga ko‘ra turli musiqa festivallarini, madaniy loyihalarni moliyalashtirishga ko‘maklashish tizimini joriy etish;
7. Xususiy tashkilotlarning nufuzli xalqaro musiqa va san’at yarmarkalarida ishtirok etishlariga hukumat tomonidan moliyaviy ko‘maklashish;
Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Estoniya, Rossiya, Eron, Fransiya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Latviya, Qozog‘iston, Chexiya, Belgiya, Hindiston, Pokiston, Ozarbayjon kabi davlatlarning madaniy, musiqiy siyosat, menejment, Festivallarni tashkillashtirish sohasidagi va yana boshqa ko‘pgina yo‘nalishlardagi tajribalarini o‘rganib, o‘zlashtirish;

(xatdan ko‘chirma tamom)

Endi esa takliflar va ular yo‘llangan sanalar bilan madaniyat sohasidagi bugungi kun islohotlarini qiyoslang.

Bunday murojaatlarni yozish, takliflar berishning umuman nafi yo‘q ekan. Shu yerga kelganda barcha umidlar so‘nib bo‘ldi. Fidoiylik so‘zining ma’nosi esa lug‘atdagidan umuman boshqa ekanini ham anglab etdim. Afsuski, o‘shanda “ovvora bo‘lib nima qilasan, baribir befoyda” degan maslahatlarga e’tibor bermay bekor qilgan ekanman. Hattoki, murojaatlarim qo‘liga borib tushayotgan xodimlarning “anavi yana yozibdi, aytinglar, yozmasin, bunisiga yana nima deb javob yozaman?” – deganlariga ham e’tibor qilmabman.

Mumtoz musiqa konsertlari borasida suhbat qilganimda, deyarli barchaning, hatto yuqori martabali soha rahbarlarining ham “bunaqa konsertlarga odam kiradimi o‘zi?” degan so‘zlaridan keyin ushbu sohamiz, merosimiz va unga nisbatan munosabat qay ahvolda ekanini his qilish qiyin emas edi, aslida.

Endi har kim o‘ziga yuqoridagi savollarni berib ko‘rsin. Siz oxirgi marta qachon mumtoz musiqa konsertiga tushdingiz? Bu borada har bir deputat, har bir senator o‘zidan so‘rasin, har bir vazir o‘ziga savol bersin.

To‘g‘ri, istagan shaxs biror bir xonanda yoki sozandani o‘z xonadoniga yoxud biror kichik davraga chorlagan holda o‘z chanqog‘ini qondirishi mumkin, lekin bu faqat sanoqli shaxslarning ehtiyoji va chanqog‘ini qondirishi mumkin bo‘lgan kichik davra, xolos. O‘zbekistondek musiqa merosi va madaniyati boy mamlakat uchun maxsus konsertlarning, musiqa kechalarining muntazam tashkillashtirilmasligini nafaqat ma’naviy va madaniy jihatdan, balki imidj jihatidan ham katta yo‘qotish deb bilaman.

An’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan san’atkorlarning, hattoki, aksariyat nomdor Xalq artistlarimiz va hofizlarimizning birorta konsertlarini uchratmasligimizning sababi ham aynan shu litsenziya masalasi ekanligini hech o‘ylab ko‘rdikmi? OAVda Xalq artistlari va hofizlarini suhbatga chorlab, nega ijoddan chetlashgani va konsertlar bermayotganligi borasida suhbat qilinadi-yu, lekin muammo aslida nimada ekanligiga jiddiy yondashilmaydi.

Aslida, milliy musiqamiz, maqomlarimiz, milliy cholg‘ularimiz ishtirokida bo‘ladigan konsert dasturlari tashkillashtirilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni nafaqat litsenziyalardan ozod etish, balki Respublika bo‘ylab va halqaro maydonlarda konsertlar tashkillashtirishda hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish lozim.

Afsuski, konsert faoliyati borasidagi qaror va hujjatlarda milliy cholg‘ular, maqomlar va xalq musiqa merosi an’analari asosidagi konsertlar borasida hech qanday satr keltirilmagan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat turi bevosita estrada qo‘shiqchiligi uchun qo‘yiladigan talablar bilan bir xilda o‘rnatilgan. Axir bu nomoddiy madaniy merosga, milliy an’analarga nisbatan adolatsizlik, xiyonat emasmi?!

Barcha sohalarda xususiy sektorning faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan bir davrda Hukumat madaniyat sohasida o‘zi sezmagan holda muammo yaratilishiga yo‘l qo‘ymoqda. E’tibor qaratsangiz, rasmiy faoliyat olib boradigan, konsertlar orqali daromad qiladigan birorta ham mustaqil an’anaviy musiqa va raqs jamoalarini uchratmaysiz. Bu fikrni inkor etmoqchi bo‘lganlar bilan bahslashishga tayyorman.

Har bir sozanda va xonanda professional konsertlar berishi, hech bo‘lmasa xarajatlarining qoplanishiga haqli va shu orqaligina o‘z professional san’atini rivojlantira oladi. Aks holda, faqatgina to‘y-hashamlar ularning asosiy daromad manbai bo‘lib, yakkaxon konsertlar berish ularni qiziqtirmaydi.

Mumtoz, an’anaviy, xalq musiqa merosi shunchaki musiqa merosigina emas, balki u bitmas-tuganmas tarbiya vositasi hamdir. Musiqiy tarbiya birdaniga o‘z mevasini bermaydi. Uning natijasini 20-30-40 yillar o‘tib sezishimiz mumkin.

Hattoki, milliy musiqa merosimiz durdonasi bo‘lgan “Shashmaqom” va Katta ashula an’anasi YuNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan “Butunjahon og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” ro‘yxatiga kiritilganiga qaramasdan, o‘z yurtimizda “Shashmaqom”, mumtoz musiqa, katta ashula yoki dostonchilik kechalariga guvoh bo‘lishning imkoni yo‘q (shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassalarida tashkillashtirib borilayotgan kechalar va dasturlar bundan mustasno).

Ayni vaqtda ko‘plab sohalarda tajribalar qilinmoqda, nega endi ushbu yo‘nalishda ham hech bo‘lmasa tajriba qilib ko‘rish mumkin emas?!

Ma’naviyatimizning o‘tmaslashishi, eshitganda odam uyaladigan jinoyatlar sodir etilayotganligining sababi, ehtimol, aynan tinglash vositasidagi tarbiyani unutayozganimizdir?

Nomoddiy Madaniy Meros konsertlari uchun litsenziyalarni bekor qilmagan holda ham konsert faoliyati va targ‘ibotni amalga oshirsa bo‘ladi. Buning uchun davlat tomonidan muntazam grantlar ajratilib borishi lozim. Lekin men buni tavsiya etolmayman, sababi xususiy konsertlarning davlat tomonidan moliyalashtirilishining adolatli va shaffofligi hamisha savol ostida qolaveradi. Eng ma’qul yo‘l esa ularning barchasini litsenziya olish majburiyatidan ozod etishdir.

Litsenziya olish majburiyatidan ozod etilgach, albatta, bu soha birdan rivojlanib ketmaydi. Sababi – mumtoz musiqa konsertlari deyarli hamisha davlat tomonidan tashkillashtirib kelingan va mustaqil tashkilotchilar hali shakllanmagan. Bu yo‘nalishdagi konsertlardan birdan daromad olishni realashtirmaslik lozim. Soha xususiy sektor ishtirokida rivojlanib olguniga qadar biroz sabr qilishga, uni qo‘llab turishga to‘g‘ri keladi.

Kim qanday taklif berishidan qat’iy nazar, amalga oshiriladigan islohotlar nomoddiy madaniy meros targ‘ibotiga, ijrochilarning konsert-tomosha faoliyatiga, an’anaviy va xalq musiqa merosi yo‘nalishidagi ijodning rivojlanishiga va bu sohadan daromad qilinishiga to‘sqinlik bo‘lishi kerak emas.

Oliygohlarda yetishib chiqayotgan yosh mutaassislarning katta qismi turli ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus bilim yurtlari va davlat tashkilotlarida faoliyat yuritishmoqda.

Ma’lumki, barcha davlat muassasalari ham oliygohlarni tamomlayotgan mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga qodir emas. Shunday ekan, mustaqil badiiy jamoalar, ansambllar tashkil etilishi, soha mutaxassislari o‘z yo‘nalishlarida ijodni davom ettirishlari, O‘zbekistonda va xorijda yakkaxon va jamoaviy konsert dasturlari berishlariga bo‘lgan ehtiyoj yuzaga keladi.

Lekin, afsuski, Konsert tashkilotchiligi bilan bog‘liq mavjud talablar ushbu professional mutaxassislarning o‘z konsert dasturlarini mustaqil ravishda tashkillashtirishiga yo‘l qo‘ymaydi, va bu oliy ma’lumotli xonanda va sozandalarning (xonanda, naychi, tanburchi, skripkachi, saksofonchi, gitarachi, doirachi, raqqosa ...) birortasini yakkaxon konsertini na poytaxtda va na viloyatlar markaziy shaharlarida uchratishimiz mumkin bo‘lmayapti.

Litsenziya olish majburiyatining bekor qilinib, xabardor qilish tarziga o‘tkazilishi milliy cholg‘ularimizning mahoratli ijrochilarining individual bo‘lib shakllanishlariga, o‘z ustlarida jiddiy shug‘ullanishlariga, mumtoz yo‘nalishda ijod qilayotgan sozanda va guruhlarning konsertlarini ko‘proq va muntazam tashkillashtirilishiga, viloyatlarimiz va chekka hududlarimiz musiqiy an’analarini va musiqachilarining ham rivojlanishlariga yo‘l ochishi mumkin edi. Afsuski, endi bunday bo‘lmaydi. Bu ketishda hech qachon mustaqil an’anaviy jamoalar vujudga kelmaydi. Bu ketishda hech qachon mustaqil an’anaviy konsertlar ko‘paymaydi, rivojlanmaydi

Soham va kasbim yuzasidan har yili dunyo bo‘ylab nashr etilayotgan yuzlab audio albomlarni tinglayman. Ular orasida birorta ham O‘zbekistonlik jamoaning albomi uchramaydi. Har yili 50 dan ortiq musiqiy va raqs jamoalarining jonli konsertlarini tinglash imkoniyatiga ega bo‘laman. Yil davomida 30 ga yaqin xalqaro institutlar, muzeylar, tashkilotlar, madaniyat markazlariga tashrif buyurib, muzokaralar olib boraman, tajriba almashaman. Yil davomida 100 dan ortiq xorijlik musiqashunos, menejerlar, prodyuser, ekspert va festivallar tashkilochilari bilan muloqotda bo‘laman. Xorijlik musiqiy jamoalarning muvaffaqiyatlari, festivallarning dovrug‘i va madaniyat sohasidagi boshqa ko‘pgina holatlarni O‘zbekistondagi vaziyat bilan solishtirib, muammolarni hal qilish yo‘llari haqida bosh qotiraman. Va ushbu tajribadan kelib chiqqan holda o‘tgan 2016-2018 yillarda xorij sahnalarida O‘zbekiston mumtoz va xalq musiqa merosi, milliy raqslarini targ‘iboti o‘laroq 140 dan ortiq konsert, chiqishlar, mahorat darslari tashkillashtirishga muvaffaq bo‘ldim. Afsuski, COVID-19 sababli 2020 yildagi yana 40 ga yaqin xorijiy konsertlar bekor qilindi. Aksiga olib, O‘zbekistonimizning o‘zida bunday konsertlarni mustaqil ravishda tashkillashtirishning umuman imkoni mavjud emas. Sababi, bu yerda konsert faoliyati uchun maxsus ruxsatnoma talab etilishi, munosib konsert zallarning mavjud emasligi, mavjud zallar uchun ijara to‘lovlarining balandligi, sozanda va xonandalarga to‘lovlarning kamligi, auditoriya sonining kamayib ketganligi, chipta narxining pastligi va boshqa xarajatlarga oid muammolar kontsertlar tashkillashtirishga va bundan daromad qilish u yoqda tursin, joriy xarajatlarni qoplashga ham imkon bermaydi.

Xorijiy mamlakatlarda musiqa merosi, madaniy ta’limi va targ‘iboti bo‘yicha xususiy va davlat sektorlariga mansub bo‘lgan turli xil tashkilotlar yonma-yon faoliyat olib borishadi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning deyarli barchasi hukumatning, homiylarning moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshiriladi. Ko‘pgina xorijiy davlatlar madaniy siyosati, menejment tajribasi bunga yaqqol misoldir. Masalan, Yevropani oling. Klassik musiqa ijrochiligi u yerda katta daromad keltirmasa ham, obro‘li soha hisoblanadi. Joiz bo‘lsa, bu boradagi tahliliy misollarni bir qanchasini keltirishimiz ham mumkin. Lekin biz esa o‘z faolyatimiz, loyihalarimiz uchun hali hukumatdan moliyaviy yordam so‘ramadik.

Bizda O‘zbekiston madaniy, musiqiy imidjini shakllantirish borasida talaygina takliflarimiz bor. Lekin, milliy merosimizni saqlash va rivojlantirishga yo‘l bermayotgan oddiy masalalar borasida ijobiy munosabatga, o‘zgarishga erisholmayotgan ekanmiz, qanday qilib global, olamshumul loyihalar haqida gap ochishimiz mumkin?!

Biz o‘zimizning mavjud xalqaro tajribamizdan foydalangan holda asta-sekinlik bilan mahalliy aholimizga, xorijlik mehmonlar va mutaxassislarga an’anaviy va xalq musiqa merosimiz namunalarini sifatli va zamonaviy uslubda taqdim etish borasida imkonimiz yetguncha harakat qilyapmiz. “Mumtoz Musiqa Oqshomi”, “Shashmaqom festivali”, “Doston kechasi” nomli loyihalarimiz shular jumlasidandir. Aytish joizki, amalga oshirayotgan konsertlarimiz, musiqa va doston kechalarimizdan hali hech qanaqa daromad olganimiz yo‘q. Unda ishtirok etgan sozanda va xonandalar o‘z sohasi fidoiysi bo‘lganlari uchun ham labbay deb ishtirok etib kelishyapti.

Agarda konsert faoliyati bilan faqat puli, homiysi bor tadbirkorlargina, yoki asosan moddiy daromad olish maqsadida shug‘ullanilar ekan, asl an’analar hech qachon rivojlanmaydi va estrada san’ati tarozining ikkinchi pallasini bosib turaveradi.

Balki, biz maqomlarimiz, an’anaviy musiqa merosimiz, xalq ijodiyoti namunalari, milliy cholg‘ularimizni saqlab qolish va rivojlantirib kelajak avlodga yetkazish haqida umuman bosh qotirishimiz, va bunga vaqt sarflashimiz shart emasdir?! Agarki shunday ekan, ushbu nomoddiy madaniy meroslarimizni YuNESKO kabi xalqaro tashkilotlar ro‘yxatiga kirishidan nima foyda? Va ushbu an’analarimiz “mavjudligi” haqidagi g‘ururlanishdan ham nima naf?!

Biz O‘zbekistonda Nomoddiy Madaniy Merosni saqlab qolish, rivojlantirish, targ‘ib etish va yosh avlodga yetkazish borasidagi qoplanmayotgan xarajatlarimiz, bepul tashkillashtirayotgan doston va maqom kechalarimizni o‘tkazishimizdagi to‘sqinliklar, davlat madaniyat tizimining bizga raqobatchi sifatida qarashlari borasida hali hech qanday so‘z ochmaganmiz. Ammo bizda bu kabi muammolar mavjud. Toki xususiy madaniyat tashkilotlari madaniy targ‘ibot ishlarida hukumat tomonidan himoyalanmas ekan, u davlatga begonaligicha qolaveradi.

Xalqaro Press-klubning 20-avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sonida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Nazarbekov Ozodbek Axmadovich quyidagicha fikr bildirdi:

"Avvallari san’atkorlarning chetga chiqishi juda muammo edi. Mingta joydan ruxsatnoma olish kerak bo‘lardi. Men falon kuni falon joyga boraman, falon kishi bilan ko‘rishaman, deb yozib berish kerak bo‘lardi. Agar chetga chiqqanligini davlat bilmasa, jazo qo‘llanilardi. Bugungi sharoitlar juda ko‘p san’atkorlarimizga chetga chiqib, migrantlarimizga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi."

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, hatto bu darajadagi nomdor san’atkorlar shunday holatlarga uchragan ekan, bizdek kichkina odamlar bunday holatlarda dardimizni kimga aytaylik?

Ming afsuski, an’anaviy musiqiy merosimiz borasida xorijda amalga oshirayotgan targ‘ibotimiz uchun garchi hukumatdan biror ko‘mak olmayotgan bo‘lsakda, hatto safarlarni tashkillashtirishdagi xarajatlar qoplanmayotgan bo‘lsada, bizning targ‘ibot ishlarimizga nisbatan turli qarshiliklar, to‘sqinliklar hali ko‘p bo‘ladiganga o‘xshaydi.

Hukumatda madaniy meros targ‘iboti bilan shug‘ullanishni o‘z oldiga maqsad qilgan xususiy sektorga o‘rin yo‘q. Qancha loyihalarni amalga oshirmang, “balki o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, fikri o‘zgarar”, degan maqsadda tadbirlaringizga qancha taklifnoma jo‘natmang, sizni hatto eslashmaydi ham. Chunki, siz davlat sektoridan emassiz. Siz xususiysiz. Siz begonasiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘gaysiz...

Hattoki, yaqinda bo‘lgani kabi karantin davrida ham hech kimdan yordam so‘rolmaysiz. Barcha sohani qamrab olayotgan imtiyozlar madaniyat sohasini chetlab o‘taverdi. Sababi – madaniyat tizimida xususiy sektor begona sanaladi.

Mana shular mening O‘zbekiston an’anaviy va xalq musiqa merosi, nomoddiy madaniy merosi ishtirokidagi konsert dasturlari, ijrochilari va madaniyat sohasidagi har qanday tashkilotchilar faoliyatini turli ruxsatnomalar olish majburiyatidan ozod qilish borasidagi so‘zlarim edi. Agarda biror mard deputat topilsa, balki masalani ko‘rib chiqishar. Balki yana 10-15 yillardan keyin menga o‘xshagan shu sohaning biror bir telbasi o‘rtaga chiqib, shu masalani yana ko‘tarib chiqar. Balki o‘shanda biror nima o‘zgarar. Lekin bugun emas. Bugun kech bo‘ldi...

Husniddin Ato

Xalqaro toifadagi madaniyat va san’at menedjeri, trener;
“Transglobal World Music Chart” a’zosi;
ICCIRA boshqaruv kengashi a’zosi;
“Musiconnect-Asia” boshqaruv kengashi a’zosi;
O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi,
“OXUS Culture” jamiyati rahbari
+998901868294, oxusculture@gmail.com

XS
SM
MD
LG