Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:53

Koronaviruschi tibbiyotchilar uydan qatnab ishlashga o‘tilsa, virus tarqatuvchisiga aylanib qolishidan xavotirda


Koronavirus bemorlari bilan ishlayotgan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi, iyul, 2020
Koronavirus bemorlari bilan ishlayotgan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi, iyul, 2020

Respublika maxsus komissiyasining 17 avgustdagi qarori bilan, COVID-19 bemorlarini davolayotgan shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari kunbay ish rejimiga o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) matbuot kotibiga ko‘ra, karantin rejimida ishlayotgan shifokorlarning talabi va xorij tajribasiga tayanib, shunday qarorga kelingan.

Besh oydan buyon bemorlar bilan qolib, 14 kunlik karantin rejimida ishlayotgan shifokorlar yangi tartib nafaqat ularning oilasi, balki ko‘cha-ko‘yda ular to‘qnashgan odamlar sog‘ligiga xavf tug‘dirishidan xavotir bildirmoqda.

Ozodlik gaplashgan tibbiyotchilar, o‘zlarining virusga qarshi himoya vositalari bilan xorijdagidek yetarli darajada ta’minlanmagani bois, bu amaliyotni boshdanoq bekor qilish yoki kunbay ishlaydiganlarni vaqtinchalik yotoq joylari bilan ta’minlashni so‘ramoqda.

SSV: "vaxta usuli"dan voz kechildi

20 avgustdan boshlab, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan va koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyasida ishlayotgan xodimlar 14 kunlik “vaxta usuli”dan, kunbay ish rejimiga o‘tkazilgani haqida 19 avgust kuni xabar berildi.

Bayonotga ilova o‘laroq, yangi ish tartibi asosida, 14 kunda bir marta berilishi belgilangan moddiy rag‘bat to‘lovlari ham 30 kunda bir marta to‘lanishi aytildi:

- shifokorlarga 25 mln so‘m;

- o‘rta tibbiy xodimlarga 15 mln so‘m;

- kichik tibbiy xodimlarga 10 mln so‘m;

- boshqa xodimlarga 5 mln so‘m miqdorida maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari (daromad solig‘idan tashqari).

Tibbiy xodim: oilamga virus yuqtirib qo‘yishdan qo‘rqaman!

Ozodlik bu yangilik ortidan Toshkent shahri va bir necha viloyatda koronavirus bemorlari bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlari bilan gaplashdi.

Aksar xodimlar, Maxsus komissiyasining kutilmagan bu qaroridan taajjubga tushgani, yangi tartib ortidan oilasi va yaqinlariga virus yuqtirib qo‘yishdan qo‘rqayotganini ochiq tan oldi.

"Uyimda yosh bolam bor – qatnab ishlashga qo‘rqaman albatta. Kasallikni o‘chog‘ida ishlab turibmizku! Hozircha bizda kunbay ish boshlangani yo‘q, bemorlar bilan karantinda qolib ishlayapmiz. Lekin, shunaqa kunbay ish rejimiga o‘tiladi, deb aytishdi”, dedi Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida ishlaydigan xodima.

Uning aytishicha, “vaxta usuli”da bemorlar bilan karantinda qolib ishlagan shifokorlar, vaqti kelganda, sutkasiga bir necha soatgina uxlab, tunu kun ishlamoqda.

“Yangi rejimda ish soati 8 soat bo‘ladi, deb ham aytishdi. 12 soat bo‘lishi mumkin, deb ham aytishyapti. Hali noma’lum lekin. Lekin, 12 soatlik ishdan keyin, uyga transportda ketish ham bor”, dedi klinika xodimi.

Hamshira: yuqqan virus cho‘milish bilan ketmaydiku?!

Yaqini Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi shifoxonada karantinda qolib, koronavirus bemorlarini davolayotgan toshkentlik hamshira ham, yangi shifoxona xodimlarining kunbay rejimga o‘tishidan ogohlantirilganini aytadi.

Ushbu shifoxona koronavirus bemorlari uchun maxsus qurilgan 2000 o‘rinlik muassasadir.

“Zangiotadagi kasalxonada ishlayotganlarga cho‘milib, antiseptiklarni sepib, uyga ketasizlar, deyishibdi. Cho‘milish bilan virus ketmaydiku! Buning ustiga birinchi testda chiqmagani bilan, odamda virus bor bo‘lishi mumkinku?! Shifokorlarni taklifi bilan qabul qildik, deyishibdi, internetda o‘qidim. Lekin, qaysi shifokor o‘z bola-chaqasi, qo‘ni qo‘shnisini xavfga qo‘yib, shuni so‘raydi?!”

Tez yordam shifokori: aksar do‘xtirlar avtobusda ishga qatnaydi

Toshkentda uzoq yillar Tez yordam shifokori bo‘lib ishlagan vrach esa shifokorlarning ishga qatnashi masalasiga e’tibor qaratdi:

“Bizda do‘xtirlarning aksari ishga avtobus, metroda qatnaydi. Virusning o‘chog‘idan chiqib, avtobusda ishga qatnashini tasavvur qiling! Bu transport vositasida, asosan, keksalar, o‘quvchilar yuradida. Men juda hayron qoldim. Bu karantin, degan rejimning mohiyatiga mutlaqo zid narsada – virusning o‘chog‘idan aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri dostup ochib qo‘yilayapti. Maynavozchilik bo‘lib ketdi bu yog‘i”.

Farg‘onalik xirurg: gigiyenaga rioya qilinsa, virusni yuqtirish ehtimoli kamayadi

Virus nisbatan kam tarqalgan hudud – Farg‘onada ishlayotgan xirurg va ginekolog vrach Xurshidbek Yaqubjonov ham yangi tartibning aholi salomatligiga xavf tug‘dirishini e’tirof etdi.

“Tibbiyot xodimi kasalni ko‘rikdan o‘tkazib chiqib, keyin ishga jamoat transportida qatnasa, albatta yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Agar bir martalik kiyimlar, shaxsiy himoya vositalari bilan yetarli ta’minlanayotgan bo‘lsa, ko‘chaga chiqishdan avval dush qabul qilsa... umuman gigiyenaga yaxshi amal qilsa, bu ehtimol ¸albatta¸ kamayadi”.

Yangiyo‘llik infeksionist: himoya vositalari bilan ta’minlanmaganmiz!

Ozodlik gaplashgan turli viloyatlarda ishlayotgan tibbiyot xodimlariga ko‘ra, virusga chalingan aholi bilan ishlayotgan xodimlarning himoyasi yaxshi ta’minlanmagan.

Aksar viloyatlarda koronavirus bemorlari joylashtirilayotgan shifoxonalarning o‘zida shifokorlar sanitariya-gigiyena vositalari, himoya kiyimlari bilan yetarli darajada ta’minlanmayotgani, oddiy niqob va qo‘lqop yetmayotgani, yuvinish va davolash xonalarida, hatto toza suv tanqisligidan Ozodlikka ko‘plab shikoyatlar kelmoqda.

Jumladan, Yangiyo‘l tumanida koronavirus bemorlarini davolayotgan shifokor Gulnora Akbarova, Ozodlikka yo‘llangan videoda, poytaxtdan 20 daqiqa naridagi shifoxonada na shifokorlar ishlashi, na bemorlar davolanishi uchun sharoit yaratilganini aytadi.

Shifokor o‘zi mudirlik qilayotgan bo‘limdagi bir necha hamshira kovidga chalinganini aytadi:

Namanganlik hamshira: uyga borishga qo‘rqib, ijarada yashayapmiz!

Namangan viloyatida markazidagi shifoxonada 20 dan ortiq koronavirus bemori bilan karatinda qolib ishlayotgan hamshira uyiga qatnab ishlashni xayoliga ham keltirmasligini aytdi:

“Men karantinda birinchi marta ishlayapman, 10 kun bo‘ldi. Bungacha, oddiy kasalxonada ishladim. O‘shandayam uyga qatnamadim. Uyimda yosh bolam, keksa yaqinlarim bor. Kasalxonaning yonidan 3-4 hamshira bir bo‘lib, o‘z hisobimizdan ijara olib yashadik. Hozir uyga avtobusda qatnab ishlash haqida gap bo‘lishi mumkinmas”, dedi bu hamshira.

Namanganlik infeksionist: kunbay rejim yaxshi, faqat bizga yotoq joyi qilib berishsin, yetadi!

Bu hamshira bilan ayni shifoxonada bemorlarni davolayotgan infeksionist esa, aslida hukumatning tibbiyot xodimlarini kunbay ish rejimiga o‘tkazishini bir jihatdan quvvatlashini aytdi:

“Kunbay bo‘lsa, shifokor maksimum 12 soat ishlaydi – 12 soat uxlaydi – og‘ir sharoitda ishlayotgan shifokorlar uchun bu ham juda muhim. Faqatgina, uyidan qatnaydi, degan qismini o‘zgartirib, ularni uxlab oladigan joy bilan ta’minlash kerak. Shunda, ularning zimmasida 5 oydan beri osilib turgan yuk kamayadi, quvvat bo‘ladi bu ularga. Aks holda, bizdagi himoyalanish darajasi bilan tibbiyot xodimlarini uyiga yuborish – aholi salomatligi uchun juda xavfli. Shaxsan, men 12 soatlik smenadan keyin uyimga borish uchun 50 kilometr yo‘l bosishim kerak”, deydi ismini oshkor qilishni istamagan shifokor.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari yoki virusni yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lgan kishilar saqlanayotgan karantin muassalaridagi tibbiyot xodimlari shu yilning may oyidan rasman “vaxta usuli”da ishlash tartibiga o‘tkazilgan.

Bu tartib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan shu yilning 21 mayida qabul qilingan “Karantinga oid choralar amal qilishi davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga asosan joriy qilingan.

Bu tartibda tibbiyot xodimlari 12 soatdan ortiq ishlashi mumkin emas. Ammo, Ozodlik gaplashgan aksar shifokor va tibbiyot xodimlari 14 kunlik karantin paytida tunu kun ishlashga majbur bo‘layotgani, ammo buni shifokorlik burchi nuqtai nazaridan – mamlakatdagi ahvolni tushunib turib, sitqidildan bajarayotganini aytmoqdalar.

Aslida karantin rejimidagi muassasalarda tibbiyot xodimlari mart oyidan boshlab, yotib qolib ishlamoqda. Ammo, dastlabki paytlarda aksar xodimlarning ishi shartnoma bilan rasmiylashtirilmadi. Keyinchalik, ilk kezlarda – qariyb himoyasiz ishlagan va aksari virusni yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga, mehnat shartnomasi tuzilmagan, deya qo‘shimcha rag‘bat pullari ham to‘lanmangan holatlar qayd etildi.

XS
SM
MD
LG