Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:52

Toshkent bilan Anqara strategik manfaatlarni himoyalashda o‘zaro yordamga tayanishni maqsad qilmoqda


Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on
Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqarada O‘zbekiston-Turkiya strategik sheriklik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazmoqda.

Kengashni tuzishga doir bitim Toshkent-Anqara aloqalarining yangi bosqichidan darak o‘laroq taqdim qilingan edi.

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarida Turkiyaning o‘rni hozircha unchalik yirik emas. Tomonlar o‘rtasidagi strategik kengash doirasidagi dastlabki muzokaralar bu borada qanday o‘zgarishlar qilishini yaqin vaqt ko‘rsatadi.

Geosiyosiy yo‘nalishda Anqara ustuvorlikni Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratgan. Toshkent uchun ayni paytda Xitoy, Rossiya va AQShning mintaqadagi raqobatida muvozanat saqlab turish muhim bo‘lib qolmoqda.

Bulardan qat’i nazar Toshkent va Anqara prezidentlar raisligida strategik sheriklik oliy kengashini tashkil etgan. Tomonlar strategik manfaatlarni himoyalashda o‘zaro yordamga tayanishni maqsad qilmoqda.

Strategik sheriklik kengashi haqidagi bitim Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga qilgan tashrifi davomida imzolangan edi. Oradan ikki yil o‘tib, prezidentlar raisligidagi bu kengashning dastlabki yig‘ilishi o‘tkazilyapti.

Uch yil avval prezidentlikka kelgan Mirziyoyev Turkiyaga ikkinchi bor rasmiy safar qilmoqda. Uning dastlabki tashrifi 2017 yilda kuzatilgan edi.

Bu vaqt oralig‘ida tomonlar o‘rtasidagi aloqalar bir qadar yaqinlashdi. Jumladan, xalqaro miqyosda ham, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida ham.

O‘zbekiston o‘tgan yilga kelib, Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shildi.

Prezidentlarning so‘nggi uchrashuvi ham shu kengashning o‘tgan yilgi Boku sammiti doirasida kuzatilgan edi.

O‘zbekistonning bu tashkilotga qo‘shilishi Mirziyoyev va Erdo‘g‘on o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasi deb ham ko‘riladi.

Ozarbayjon, Turkiya, Qozog’iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan iborat Turkiy tilli davlatlar kengashi turli mintaqaga bo‘lingan turk xalqlari o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishni maqsad qiladi.

Karimov davrida O‘zbekiston Turkiya ishtirokidagi turli tashkilotlardan, shuningdek, Turkiyaning o‘zi bilan ham ikki tomonlama aloqalarni bir qadar muzlatib kelgani inobatga olinsa, bugunga kelib bu muzlar ancha erigani, tomonlar hamkorlikni turli yo’nalishda rivojlantirishayotgani, strategik sheriklikka borishayotgani kuzatiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini birinchilardan bo‘lib qo‘llab chiqqan Turkiya mustaqillikning dastlabki yillarida mintaqa davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham mamlakatning rivojlanish modeli o‘laroq qabul qilingan. Munosabatlar strategik ahamiyat kasb etgan edi.

Keyinchalik Markaziy Osiyo davlatlarida avtoritar boshqaruv mustahkamlanishi, quvg’inga solingan muxolifat vakillarining Turkiyadan qo‘nim topishi, Turkiyaning o‘zida kechgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlar, Erdo‘g‘on hokimiyatga kelishi ortidan kuzatilgan geosiyosiy siljishlar Turkiya va Markaziy Osiyo o’rtasidagi strategik ehtiyojlarni zaiflashtirdi.

Ayniqsa, Karimov davrida Anqara va Toshkent o’rtasidagi sovuqchilik Turkiyaning Markaziy Osiyodagi ishtiroki keskin cheklanishiga olib keldi.

Erdo‘g‘on hokimiyatga kelishi ortidan siyosiy ustuvorlikda dinga nisbatan diqqat kuchaygani, Erdog’on va Fatxulla Gulen o’rtasidagi ixtiloflar, Anqaraning mintaqa davlatlariga Gulen tarafdorlarini topshirishga doir bosimni kuchaytirishi so’nggi yillarda ham Turkiya va Markaziy Osiyo aloqalaridagi tanglikni kuchaytirdi.

O‘zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan Turkiyada Markaziy Osiyoga nisbatan geostrategik qiziqish qayta jonlangan deyish qiyin. Anqara asosiy diqqatini tobora keskinlashib borayotgan Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratgan.

Yaqin Sharqda ham, Markaziy Osiyodagi kabi, asosiy raqobat Rossiya, AQSh, Xitoy o’rtasida kechayotgani inobatga olinsa, Turkiyaning Markaziy Osiyoda ham bu geosiyosiy qudratlar raqobatiga qo’shilishi ehtimoli ancha qiyin ekani aytilmoqda.

Ammo Toshkent va Anqara o‘rtasidagi strategik sheriklik kengashi o‘z yig‘ilishini Markaziy Osiyo davlatlari miqyosida o‘zaro hamkorlikka, integratsiyaga intilish muhokamaga chiqqan bir paytda o‘tkazmoqda.

Shu ma’noda, mintaqadagi bugungi geosiyosiy vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikni qo‘lga kiritishi ortidan “Turkiston umumiy uyimiz” shiori ostida birlashish g‘oyasini munozara qilishgan davrlarni eslatadi. Bu davrda Turkiya mintaqadan hali bugungi kabi uzoqlashmagan, birlashishni muhokama qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlarini yaqindan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi.

Malik MANSUR, "Amerika ovozi"

XS
SM
MD
LG