Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:36

Putin-Erdo‘g‘on kelishuvi qanchaga yetadi?


Donald Trampning aytishicha, sobiq prezident Jorj Bushning 2000-yillarda Yaqin Sharqda urush boshlagani Amerika uchun tarixidagi eng katta xato bo‘lgan. Salkam yetti trillion dollarga tushgan urush million odamning yostig‘ini quritdi, dedi Tramp. Shunga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Suriyadan qo‘shinlarini olib chiqishni xayoliga ham keltirgani yo‘q.

Mudofaa vazirligi vakili “Islomiy davlat” jangari to‘dasini yengishimiz kerak, deydi. Suriyada harbiy harakatlar olib borayotgan Rossiya va Turkiya esa Suriyaning Idlib viloyatida hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasida bufer zonasini yaratishga kelishib oldi.

Idlib Prezident Bashar Assad hokimiyatiga qarshi kurashayotgan isyonchilarning eng so‘nggi qal’asidir. Assadga Rossiya, isyonchilarga esa Turkiya yordam bermoqda. So‘nggi yillarda hukumat kuchlarining qo‘li baland kelib, Assad katta hududlarni o‘z nazoratiga qaytardi.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura prezidentlar Putin va Erdo‘g‘on kelishuvini olqishladi.

“Mana shu bitimdan so‘ng zudlik bilan siyosiy jarayonga o‘tishimiz kerak”, - dedi u.

Rossiyaning BMTdagi elchisi bunga shunday munosabat bildirdi:

“De Mistura janoblari Xavfsizlik Kengashidan imzolangan bitim kafolatchilariga bosim qo‘yishda foydalanmagani ma’qul, chunki kengashdagi boshqa hech bir davlat siyosiy jarayon uchun Rossiya va Turkiyachalik ter to‘kkani yo‘q. Shunga BMTning bosh bo‘lgani emas, yaxshisi yordam bergani ma’qul”, - dedi Vasiliy Nebenzya.

AQShning Suriya bo‘yicha maxsus elchisiga ko‘ra, Rossiya Suriyada tinchlik bo‘lishidan manfaatdor emas.

“Agar shunday bo‘lganida edi, Rossiya Eron va uning qurollangan to‘dalaridan Suriyani tark etishni so‘ragan bo‘lar edi, aks holda kattaroq mojaroga yuz tutishimiz mumkin va bunga Rossiya javobgar bo‘ladi”, - dedi Jeyms Jeffri.

Bufer zonasini yaratish haqidagi bitimning qancha davom etishi hozircha noma’lum.

“Bu vaqtinchalik chorami yoki qorong‘i tunnel oxirida ko‘rinayotgan ilk kichik shu’lami?” – deb so‘radi BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mark Loukok.

Suriya shimoli-sharqidagi Manbij rayonida AQShning ikki ming qo‘shini bor. Pentagon rasmiysiga ko‘ra, ularning oldiga uchta maqsad qo‘yilgan.

“Daish (Islomiy davlat nazarda tuilmoqda. tahr)ni yo‘q qilish, mahalliy askarlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish, Jeneva jarayoniga imkon berish. Mojaro ishtirokchilari 14-sentabr kuni Jenevada uchrashgan, biroq uchrashuv tafsilotlari hozircha ma’lum emas”, - deydi AQSh armiyasi polkovnigi Shon Rayan.

Bu o‘rtada Suriya mojarosida yangi burilish ro‘y bergan. Bu voqea jarayonga qanday ta’sir ko‘rsatishi ma’lum emas.

Suriya havo-mudofaasi kuchlari Isroil samolyotlarini urib tushiraman deb, ittifoqchi Rossiyaning samolyotini nishonga olgan. 15 harbiy halok bo‘ldi. Prezident Vladimir Putin bo‘lgan voqeani tasodif deb atadi, biroq Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Isroil vaziri Avigdor Liberman bilan muloqot chog‘ida aybni Isroilga qo‘ydi. Unga ko‘ra, Isroil samolyotlari Rossiyaning razvedkachi samolyoti pozitsiyasiga o‘tib, uni nishonga aylantirgan.

Isroil samolyotlari shu payt Suriyada harbiy inshootlarga hujum qilib, Livanda Hizbulloh jangchilariga qurol yetkazilishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgani aytiladi.

Isroil aviatsiyasi rahbari payshanba kuni Moskvada rasmiylar bilan uchrashib, ularga bo‘lgan voqea bo‘yicha hisobot bergan.

XS
SM
MD
LG